10:29 / 12.05.2021
3300

Samarqandda notariusdan tovlamachilik bilan 33 000 dollar olayotgan shaxs qo‘lga olindi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida notariusdan tovlamachilik bilan 33 000 dollar olayotgan shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 7 may kuni Samarqand viloyati IIBga, Kattaqo‘rg‘on shahrida ishlovchi notarius ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi M.Sh. 2020 yil sentyabrdan buyon fuqarolar o‘rtasidagi uy-joy oldi-sotdi shartnomasini noqonuniy rasmiylashtirganini ro‘kach qilib, jinoiy javobgarlikka torttirib, qamatib yuborish bilan qo‘rqitib kelayotganini bildirgan. Jumladan, M.Sh. tergov organiga borib notariusning aybi yo‘qligini yozib berib, tinch qo‘yishini aytib, evaziga undan tovlamachilik yo‘li bilan 38 000 AQSh dollari talab qilgan.

Arizaga asosan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida, Kattaqo‘rg‘on shahar kadastr xodimlarining noqonuniy harakatlari bo‘yicha jinoyat ishi mavjudligi, jinoyat ishi yuzasidan xususiy notariusning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi aniqlangan. 

Shundan so‘ng 7 may kuni Samarqand viloyati IIB JQB hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida tezkor tadbir o‘tkazilib, Kattaqo‘rg‘on tumani «Baland Chordara» MFYda yashovchi M.Sh. notariusdan 33 000 dollarni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top