09:19 / 12.05.2021
18121

Xitoyda aholini ro‘yxatga olish natijalari e'lon qilindi

Foto: Global Look Press

Xitoyda har o‘n yilda o‘tkaziladigan navbatdagi aholini ro‘yxatga olish natijalari e'lon qilindi. Natijalarga ko‘ra, hozirda Xitoy aholisi 1 mlrd 411 mln 780 ming kishiga yetgan.

Bu ko‘rsatkich Xitoyga dunyoning eng ko‘p aholiga ega davlati maqomini saqlab qolishga imkon berdi. Biroq bu 2016 yilda hukumat prognoz qilgan ko‘rsatkichdan kamroqni tashkil qilgan. O‘shanda Xitoy hukumati mamlakat aholisi 2020 yilda 1,42 mlrd kishidan oshishini kutgan. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoy aholisi 10 yil ichida 72 mln kishiga yoki 2010 yilga nisbatan 5,38 foizga ko‘paygan. Bu davr ichida aholi o‘sish sur'ati yiliga o‘rtacha 0,53 foizni tashkil qilgan. Ta'kidlanishicha, bu ko‘rsatkich mamlakatda ocharchilikdan 10 millionlab kishi o‘lgan 1960-yillar boshidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mamlakatda aholini ro‘yxatga olish yettinchi marta o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, Xitoyda 723 mln 339 ming 956 nafar erkak va 688 mln 438 ming 768 nafar ayol (mos ravishda aholining 51,24 va 48,76 foizi) yashaydi.

Xitoyda 16 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan mehnatga layoqatli aholi 880 mln kishini, aholining o‘rtacha yoshi esa 38,8 yilni tashkil qiladi. 

Natijalar Xitoyda aholi keksayib borayotgani va tug‘ilish darajasi pasayayotganini ko‘rsatgan. 2020 yilda mamlakatda 12 mln bola dunyoga kelgan. Bu esa 2019 yilga nisbatan ancha kamroqni tashkil qilgan. 2016 yildan juftliklarga rasman ikkinchi farzand ko‘rishga ruxsat berilganiga qaramay, ko‘rsatkichlar kutilgandan pastroq bo‘lgan.

Mamlakatda tug‘ilish darajasi pastligi ortida keksa yoshlilar soni ortgan: 2010 yilda 65 yoshdan katta xitoyliklar umumiy aholining 8,9 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 13,5 foizga yetgan. Bir qator prognozlarga ko‘ra, agar tug‘ilish darajasining shunday past sur'atlari saqlanib qolsa, 2030 yildan keyin Xitoyda ishchi kuchi yetishmasligi muammosi yuzaga keladi.

Hozirda Xitoy aholi soni bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni saqlab kelmoqda. 2-o‘rinni 1,389 mlrd aholiga ega Hindiston, 3-o‘rinni esa 331 mln aholiga ega AQSh egallamoqda.

 

Top