20:12 / 14.05.2021
43741

Yaqin Sharq mojarosi: Isroil armiyasi G‘azoga zarba berishni kuchaytirdi

Isroil harbiylari juma kuniga o‘tar kechasi G‘azo sektoridagi harbiy nishonlarga qarshi yirik amaliyot o‘tkazdi. Isroil harbiy bo‘linmalari samolyotlar va vertolyotlar, shuningdek, tanklar va artilleriyadan foydalangan holda sektor shimolidagi pozitsiyalarni yoppasiga o‘qqa tutgan.

Foto: Getty Images

Isroillik harbiylar falastinliklar tomonidan Isroil hududiga uchirilgan raketalarga javoban G‘azoga hujumlarni faollashtirdi. Qurolli ziddiyat davomida shu vaqtgacha Falastin tomonining yo‘qotishlari 120dan oshdi, Isroilda 9 kishi halok bo‘lgan.

Isroilning o‘zida isroillik arablar va yahudiylar o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar kechmoqda, bu vaziyat tufayli mamlakat prezidenti mamlakat fuqarolik urushi yoqasiga kelib qolgani haqida ogohlantirdi.

Isroil mudofaa vaziri Benni Gans xavfsizlik kuchlarining ma'lum bir qismini ichki tartibsizliklarni bartaraf etish uchun yo‘naltirdi, hozirgacha 400dan ortiq kishi to‘qnashuvlardagi ishtiroki tufayli hibsga olingan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «Hizbulloh»ning o‘nlab jangarilari Livan chegarasidagi to‘siqlarni buzib o‘tib, Isroil hududiga bostirib kirgan va Metula shahri yaqinidagi chegara to‘siqlariga o‘t qo‘ygan.

«Tunda 160 samolyot bir vaqtning o‘zida 150ta nishonga 40 daqiqa davomida hujum uyushtirdi. Bu ziddiyat boshlanganidan buyon eng yirik amaliyot bo‘ldi, unda quruqlikdagi bo‘linmalar ham belgilangan nishonlar bo‘yicha ishlashdi», deya xabar bergan Isroil mudofaa armiyasi rasmiy vakili Yonatan Konrikus.

Shu bilan birga, u garchi Isroil armiyasida quruqlikdan amaliyot boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bo‘lsa-da, isroillik harbiylar G‘azo sektoriga kirmaganini qayd etgan.

Isroil armiyasi vakilining aniqlik kiritishicha, hujumdan maqsad HAMAS kuchlari joy o‘zgartirish va yashirinish uchun foydalanadigan yer osti tunnellarini yo‘q qilish bo‘lgan.

Birlashgan qirollikning mudofaa tadqiqotlari institutining Yaqin Sharq bo‘yicha eksperti Maykl Stivensning hisoblashicha, Isroil armiyasi quruqlikdagi amaliyot to‘g‘risidagi tvitni raqibni g‘azablantirish uchun yozgan.

«Bu aqlli taktika namunasi. HAMAS jangchilari shu xabardan keyin tunnellarga joylashishdi va quruqlik hujumiga tayyorlana boshlashdi, bu esa ular Isroil artilleriyasi hamda aviatsiyasiga oson nishon bo‘lishiga sharoit yaratdi», degan u.

Isroilliklarning bu manyovridan keyin Falastindagi qurolli guruhlar Isroil hududini o‘qqa tutishni davom ettirdi. Janubdagi shaharlarga, shu jumladan, Ashdod va Ashkelonga o‘nlab raketalar uchirilgan, bu hududlarda havo hujumi haqidagi trevoga sirenalari tinmagan. G‘azo sektoridan uchirilayotgan raketalarning ko‘p qismi isroilliklarning «Temir qubba» nomli havo hujumidan himoya tizimi orqali tutib qolinmoqda.

«Temir qubba» tizimi G‘azodan uchib kelayotgan raketalarning ko‘p qismini to‘xtatib qolmoqda

Reuters agentligi isroillik harbiy korrespondentlarga asoslanib xabar berishicha, qo‘shinlar quruqlikdan bostirib kirishga shoshilmayapti, isroillik artilleriyachilar G‘azodagi nishonlarni o‘z davlati hududidan turib o‘qqa tutmoqda. Sektor shimolida, chegara yaqinida yashovchi aholi isroilliklarni ko‘rishmagani, ammo artilleriya zarbalari juda yaqindan turib berilayotganini aytishgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, chegara yaqinida yashovchi ko‘plab falastinlik oilalar o‘z uylarini tark etishmoqda, ularning ayrimlari BMT homiyligida faoliyat ko‘rsatuvchi maktablarga yashiringan.

Chegara yaqinida yashovchi falastinliklar uylarini tark etishmoqda

BBC’ning G‘azodagi korrespondenti ham sektorga shimol va janubdan hujumlar ortgani, isroilliklar kemalar, qiruvchi samolyotlar va vertolyotlar orqali intensiv zarbalar berayotgani haqida xabar bergan. Voqea joyida olingan kadrlardan G‘azo osmonini portlashlar tufayli quyuq tutun qoplaganini ko‘rish mumkin.

Isroilliklarning G‘azo sektori shimolidagi Beyt-Laxiyaga bergan aviazarbasidan keyingi portlash / Mohammed Abed / AFP / Scanpix / LETA

Isroil va G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati o‘rtasida boshlangan raketa hujumlari besh kundan buyon to‘xtamayapti. Falastin tomonidan 119 kishi halok bo‘lgan, raketa zarbalari oqibatida Isroilda ham 8 kishi qurbon bo‘lgan.

Isroil armiyasi G‘azo bo‘ylab 600dan ortiq zarba yo‘llangani haqida ma'lum qilgan, bu vaqt davomida sektor hududidan 1750 raketa uchirilgan.

Raketalarning bir qismi baribir Isroil hududiga tushmoqda

«So‘nggi so‘z hali aytilmadi»
Payshanba kuni kechqurun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu maxsus murojaat bilan chiqib, jangarilarga qarshi harbiy amaliyot susaytirilmasligini ma'lum qildi.

«Ular bizning poytaxtimizga hujum qilishdi, shaharlarimizga raketalar uchirishdi. Ular buning uchun to‘lov qilishdi va to‘lov qilishda davom etishadi. So‘nggi so‘z hali aytilmadi!», degan Netanyaxu Tel-Avivda harbiylar bilan maslahatlashuvdan keyin.

U bir kun avval berilgan bayonotini deyarli takrorladi. Avvalroq u amaliyot «Isroil davlati xavfsizligi va xotirjamligi tiklanmaguncha» davom ettirilishini aytgandi.

Britaniyalik ekspert Maykl Stivens Isroil yaqin orada G‘azoga quruqlik qo‘shinlarini kiritishini kutish mumkinligini aytib o‘tdi.

«Quruqlikdagi amaliyot ideal variant emas, ammo isroillik askarlar sektor ichkarisiga kirishsa, bu havodan bu qal'alarga qilinayotgan hujumlardan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi», degan u.

Ziddiyat qanday rivojlanmoqda?
Payshanba kuni Isroildagi arablar yashaydigan tumanlarda talonchilik holatlari avj olgan, ayrim hududlarda arablar yahudiylarga, ayrimlarida esa yahudiylar arablarga hujum qilmoqda.

Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektori bilan chegara hududiga qo‘shimcha harbiylar yuborilganini ma'lum qilgandi. Armiya safiga zaxiradagilardan kamida 7 ming nafari chaqirilgan, chegaradagi harbiy qo‘mondonlar esa voqealarning har qanday rivojiga tayyor turish bo‘yicha ko‘rsatma olgan.

Payshanba kuni yana nimalar bo‘ldi

  • Isroil armiyasi bayonotiga ko‘ra, Livan hududidan Isroilning shimoliga uch raketa uchib kelgan. Bu hujum uchun javobgarlikni hech bir tomon o‘z zimmasiga olmadi, Livanda bir qancha qurolli guruhlar faoliyat ko‘rsatadi, shulardan biri Isroil bilan dushman bo‘lgan shialarning «Hizbulloh» harakatidir.
  • Isroil qurolli kuchlari G‘azo sektoridagi nishonlar orasida falastinliklarning razvedka xizmati joylashgan bino, shuningdek, HAMAS foydalanadigan uylar va kompaniyalar binolari bo‘lgani haqida xabar qilgan.
  • HAMAS ham Isroil hududini o‘qqa tutishda davom etmoqda. Guruh vakillarining bayonotlariga ko‘ra, hozircha guruh o‘z imkoniyatlarining bir qismidangina foydalanmoqda.
  • Isroilning bir necha shaharlarida yahudiylar va arablar o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda.
  • Ayrim xalqaro aviakompaniyalar, xususan, KLM, British Airways va Virgin Atlantic Isroilga parvozlarni to‘xtatgan. Mamlakatning eng yirik aeroporti «Ben Gurion» reyslarni janubdagi boshqa aeroportlarga yo‘naltirmoqda. 

 

Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top