14:09 / 15.05.2021
21382

Tojikistonda sel va ko‘chki oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, yuzlab fuqarolar xavfsiz joyga ko‘chirildi

Bir necha kun davomida yog‘gan kuchli yomg‘ir tufayli Tojikiston janubidagi 15 ta tumanda sel kelishi kuzatilgan. Tabiiy ofat natijasida bir qancha tuman va shaharlardagi ko‘plab turar joylarga, elektr tarmoqlari, yo‘llarga jiddiy talafot yetgan.

Jomiy tumani hududida yog‘in miqdori haddan ziyod ko‘p bo‘lgani uchun tuproq ko‘chishi kuzatilgan. Oqibatda 100 gektar unumdor yerga zarar yetgan. Bundan tashqari, 112 ta uy vayron bo‘lgan. Sel va ko‘chki yo‘l va ko‘priklarni, ekin maydonlarini yuvib ketgan.

Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha tabiiy ofat natijasida 9 kishi halok bo‘lgan. Fojia qurbonlarining ayrimlari falokat paytida mashinada bo‘lgan, ayrimlari suvda oqib ketgan. Hisorda poda boqayotgan cho‘pon ham halok bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Asia-Plus
Foto: Asia-Plus

Tabiiy ofatlar zararini aniqlash va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha bosh vazir Qohir Rasulzoda boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiya tarkibidan kuch tuzilmalari rahbarlari, vazirlar hamda hokimlar o‘rin olgan. Ayni paytda sel va ko‘chkidan zarar ko‘rgan daha va ko‘chalarni loy qatlamidan tozalash davom etmoqda.

Foto: Asia-Plus
Foto: Asia-Plus

Yuzlab tojikistonliklar xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Ular uchun palatkalar tashkil etilgan. Bosh vazir Qohir Rasulzoda mutasaddilarga 10 kun ichida jabrlanganlar uchun yangi aholi punkti barpo etiladigan joyni aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan. U tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan aholiga yangi uylar qurishi uchun barcha qurilish materiallari taqdim etilishi, lozim bo‘lsa, qurilish ishlariga ham ko‘maklashilishini ma'lum qilgan.

Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, yangi ko‘chkilar xavfi Tojikistonda 17 maygacha saqlanib qoladi.

Foto: Asia-Plus
Foto: Asia-Plus

 

Foto: Asia-Plus
Foto: Asia-Plus
Mavzuga oid
Top