19:31 / 16.05.2021
129738

Andijonda 6 erkak oilali ayolni zo‘rlagani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijon viloyati Andijon tumanida 6 nafar erkak dala shiyponida besh oy avval turmushga chiqqan ayolning nomusiga tekkani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasi bilan bog‘landi.

Videodan kadr

Andijon viloyat IIBning ma'lum qilishicha, 3 may kuni fuqaro O.O 102 qisqa raqamiga murojaat qilib, shu kuni soat 14:00 larda Andijon tumani Qoraqalpoq mahallasida joylashgan dala shiyponida fuqarolar S.A. va O.M. o‘ziga nisbatan zo‘rlik ishlatib jinsiy aloqada bo‘lganini ma'lum qilgan. Tergov-tezkor guruhi voqea joyiga chiqib, hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilgan va videotasvirga olingan.

Tergovga qadar tekshirish harakatlarining to‘laligini ta'minlash maqsadida O.O.ga tegishli bo‘lgan qizil-qora rangli ayollar ko‘ylagi va boshqa kiyimlar daliliy ashyo tariqasida holislar ishtirokida olingan. Mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi, sudga oid boilogik ekspertiza va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertiza tayinlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Kun.uz'ning prokuraturadagi manbasiga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etishda quyidagi shaxslar gumonlanmoqda:

  • M.O. 1990 yil Andijon tumanida tug‘ilgan. Oilali, 2 nafar farzandi bor, haydovchi;
  • S.A. 1992 yil Andijon tumanida tug‘ilgan. Oilali, 2 nafar farzandi bor, mavsumiy ishchi;
  • M.A. 1984 yil Andijon tumanida tug‘ilgan. Oilali, 3 nafar farzandi bor, haydovchi;
  • J.M. 1979 yil Andijon shahrida tug‘ilgan. Oilali, 2 nafar farzandi bor, haydovchi;
  • J.X. 1985 yil Andijon shahrida tug‘ilgan. Oilali, 4 nafar farzandi bor, haydovchi;
  • A.B. 1990 yil Andijon shahrida tug‘ilgan. Oilali, 2 nafar farzandi bor, haydovchi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda nomusga tegish holatlari 28 foizga oshgan.

2021 yilning dastlabki uch oyi ichida huquq-tartibot idoralariga zo‘ravonlikka uchragan ayollar tomonidan 11 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan.

Top