15:50 / 17.05.2021
3347

O‘zbekiston tumanida suv ortidan bir-birlarini toshbo‘ron qilgan shaxslar ushlandi

Fotolar Tergov departamenti

O‘zbekiston tumani Bo‘ston qishlog‘ida ikki nafar shaxs suv uchun talashib, tanishlarini toshbo‘ron qildi. Bu haqda Tergov departamenti axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, 9 may kuni soat 21:00 larda 25 yoshli R.Sh. va 24 yoshli S.A. O‘zbekiston tumani Bo‘ston qishlog‘i hududidagi bog‘ maydonida tanishlari 22 yoshli Yu.M. va 36 yoshli Q.B. boqqa suv quyib yurganini ko‘rib, ularning oldiga kelgan. O‘rtada suv tufayli janjal kelib chiqqan. Janjal vaqtida fuqarolar R.Sh. va S.A., boshqa bir fuqarolar Yu.M. hamda Q.B.larni yerda yotgan tosh bo‘laklari bilan toshbo‘ron qilgan. Oqibatda ular bir-biriga turli darajada jarohatlar yetkazgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, janjal vaqtida R.Sh. Yu.M.ning yuziga bir marotaba urgani uchun Yu.M. va Q.B. janjal joyiga telefon orqali qarindoshlarini chaqirayotganini R.Sh. va S.A. eshitib qolgan. So‘ng ularni toshbo‘ron qilgani aniqlangan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida Yu.M. va Q.B. «hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir turdagi jarohatlar» olgani ko‘rsatilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov xarakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Qo‘qondagi oilaviy korxona omboridan 46 million so‘mdan ortiq mol-mulklarni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olinganligi haqida xabar berilgan edi.

Top