10:01 / 19.05.2021
37159

Moskvaga uchayotgan yo‘lovchi Urganch aeroportida samolyotdan tushirib yuborildi

Foto: KUN.UZ

Surxondaryo viloyatida istiqomat qiluvchi S.M. 12 may kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahriga uchib ketish uchun Urganch xalqaro aeroportiga borgan. Biroq niyatini amalga oshirolmagan.

U ro‘yxatdan o‘tib, Red Wings aviakompaniyasi havo kemasiga o‘tirgan, bagaji ham yuklangan. Ammo parvozdan bir necha daqiqa oldin samolyotdan tushirib yuborilgan. 

Shundan so‘ng, S.M. ijtimoiy tarmoqlarda aeroport xodimlarining xatti-harakatlari noqonuniy bo‘lgani, jumladan, samolyotdan tushirib yuborish uchun soxta bayonnoma rasmiylashtirilgani haqida xabar qoldirgan.

Urganch xalqaro aeroporti ma'muriyati xabariga ko‘ra, yo‘lovchining samolyotdan tushirib yuborilishiga Rossiya Federatsiyaga kirishi taqiqlangani haqidagi ma'lumot sabab bo‘lgan. Bu ma'lumot nisbatan kech, S.M. samolyotga o‘tirganidan keyin yetib kelgan. Aeroport xodimlari yo‘lovchining Rossiya Federatsiyasidan deportatsiya bo‘lishi oldini olish maqsadida, uni havo kemasidan tushirib yuborishgan.

«Urganch xalqaro aeroporti faqat yo‘lovchi va havo kemalariga xizmat ko‘rsatish vakolatiga ega, aeroport xodimlari Rossiya Federatsiyasiga yo‘lovchilarni kirishga taqiqi borligi to‘g‘risida ma'lumotga ega emas. Bunday ma'lumotlar, aviakompaniya vakillari orqali yetkaziladi va undagi talab bajariladi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top