07:51 / 19.05.2021
11471

Toshkent viloyatida ayollarni Turkiyaga fohishalik qilish uchun jo‘natayotgan shaxs ushlandi

Toshkent viloyati IIBB Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘limi va Bo‘ka tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan navbatdagi odam savdosi bilan bog‘liq holatga chek qo‘yildi.

IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yil 13 may kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Bo‘ka shahrida yashovchi er-xotin, 1989 yilda tug‘ilgan Zokir va 1995 yilda tug‘ilgan Komila (to‘rt nafar farzandi bor, ism shariflar o‘zgartirilgan) oldindan jinoiy til biriktirib, Toshkent viloyatida yashovchi, moddiy jihatdan qiynalgan ayollarga, xususan, 1999 yilda tug‘ilgan Madina va 1994 yilda tug‘ilgan Muxlisaga Turkiyada mo‘may daromad to‘lanadigan ish topib berishi, yordam sifatida yo‘l xarajatlarini o‘z hisobidan qoplab berishini va'da qiladilar.

Dastlabki surishtiruvlar davomida ularning maqsadi ayollarni Turkiya davlatiga fohishalik uchun yuborish ekani, Zokirning turmush o‘rtog‘i Komila 2021 yil aprel oyida eri bilan oldindan kelishgan holda Turkiya davlatiga jo‘nab ketgani va turmush o‘rtog‘i olib borishi kerak bo‘lgan ayollarni kutib olishi rejalashtirilgani aniqlandi. 

Zokir ayollarni I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan Toshkent-Istanbul aviareysi orqali Turkiyaga olib ketayotgan vaqtida viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25,135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top