16:45 / 21.05.2021
7367

Ko‘z nurini asrash, maktabda o‘quvchilar nazorati: O‘zbekiston yoshlari yaratayotgan dasturlar

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Urban.Tech Uzbekistan” hakaton musobaqasi davom etmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Hakaton musobaqasida ishtirok etayotgan dasturchilar jamoalari 72 soat davomida tashkilotchilar tomonidan berilgan keyslarga zamonaviy, kreativ va innovatsion g‘oya hamda yechimlarni taqdim etishmoqda. G‘oya va yechimlar trenerlar, mentorlar tomonidan o‘rganiladi va munosib topilgan loyiha mualliflari rag‘batlantiriladi.

Kun.uz muxbiri musobaqa ishtirokchilari bilan suhbatlashib, ular yaratayotgan innovatsion dasturlar bilan qiziqdi.

Asadbek Ro‘ziyev, maktab o‘quvchisi, 16 yoshda:

“Bugungi “Urban.Tech Uzbekistan” hakatonida biz sog‘liqni saqlash va ijtimoiy hayot yo‘nalishlarida o‘z dasturimiz bilan ishtirok etyapmiz. Biz yaratayotgan ilovadan gadjetlarda ham, kompyuterda ham foydalanish mumkin. Bugungi ijtimoiy hayotda hammamiz telefonlardan juda ko‘p foydalanamiz. Bu inson ko‘z nuriga qattiq ta'sir qiladi. Ko‘zlarni asrash maqsadida ishlab chiqiladigan ilova vaqti bilan sizni qiziqtirayotgan boshqa ilovalarni bloklaydi yoki ma'lum vaqtda ko‘z gimnastikalari haqida eslatib turadi. Bu ilovani yaratishda 4 kishidan iborat jamoamiz bilan ishladik”.

Mohinur Abdurahimova, talaba, 19 yoshda:

“Bizning loyihamiz fan va ta'lim yo‘nalishida yaratilmoqda. Jamoamiz nomi “Fazo”. Jamoamiz bilan maktab ta'limini rivojlantirishga qaratilgan dasturni yaratyapmiz. Dastur asosida sinfxonalarga o‘rnatilgan kameralar o‘quvchilarni fanlardan qanday o‘zlashtirayotganini nazorat qilib, bevosita ota-onalarga sms-xabarnoma tarzida yetkazadi. Bunda sinfda nechta o‘quvchi bo‘lsa, ularning har biri alohida nazorat qilinadi. Bola necha marta javob berdi, qanday harakat qildi – hammasi haqida ma'lumot beriladi. Bu esa, o‘z o‘rnida, ota-onaning farzandiga, uning ta'limiga nisbatan e'tiborini oshiradi. Dastur orqali ma'lum muddatdan so‘ng butun O‘zbekistondagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi haqida ma'lumot olish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, jarayonda faqat o‘quvchilarni emas, o‘qituvchilarni ham kuzatish, ularga baho berish va rag‘batlantirish imkoni bo‘ladi”.

Eslatib o‘tamiz, ushbu hakaton ertaga o‘z ishini yakunlaydi va g‘olib jamoalar 35 mln so‘m miqdorida pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi. Munosib topilgan loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi hamda joriy qilinadi.

Top