21:53 / 21.05.2021
6681

Lukashenko YeOII hududida fuqarolarning erkin harakatlanishini ta'minlashga chaqirdi

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon o‘tgan qariyb ikki yil davomida Belarus YeOII mamlakatlariga chegaralarini yopmadi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi hukumatlarining ittifoq hududida fuqarolarning erkin harakatlanishiga imkon beruvchi harakatlar algoritmini kelishib olish vaqti kelganini aytdi.

"Yevroittifoqqa a'zo mamlakatlar uchun chegaralar ochildi. Biz nimadan qo‘rqyapmiz? Biz odamlarimizni chegaralardan o‘tolmaydigan qilib qo‘ydik, bundan ortig‘i bo‘lmaydi", - dedi u videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida.

"Hukumatlarimizning YeOII makonida fuqarolarning erkin harakatlanishini tiklash bo‘yicha o‘zaro harakatlar algoritmini kelishib olish vaqti keldi. Albatta, koronavirus va boshqa kasalliklarning tarqalishini cheklash choralarini ko‘rgan holda", - dedi Lukashenko.

"Pandemiya boshlanganidan buyon o‘tgan qariyb ikki yil davomida Belarus sizlarga – fuqarolaringizga ham, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ham o‘z chegaralarini yopmadi", deb ta'kidladi u.

Bugun, 21 may kuni videokonferensiya shaklida Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top