21:31 / 21.05.2021
5240

To‘qayev YeOII mamlakatlari uchun ichki bozorda cheklovlar bo‘lmasligi kerakligini aytdi

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, ichki bozorni himoya qilish bo‘yicha cheklov choralari agrosanoat majmuasi rivojini to‘xtatib qo‘yishi va oziq-ovqat taqchilligiga olib kelishi mumkin.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida YeOIIga a'zo mamlakatlar ichki bozoridagi cheklovlar borasida so‘z yuritdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inqirozdan keyingi tiklanish yo‘lida lokdaunlar davrida o‘zaro savdoda soni sezilarli darajada oshgan to‘siqlar muammosini tizimli ravishda hal qilish zarur.

"Mazkur cheklovlar savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojlanishiga zarar yetkazmoqda, o‘sish va rivojlanish salohiyatini cheklamoqda. Qozog‘iston ittifoqning boshqa a'zolari kabi bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng va kamsitmaydigan sharoitlar yaratilishi tarafdoridir. Komissiyaning to‘siqlarga qarshi kurashi doimiy, ammo uni juda samarali deb bo‘lmaydi", – deb ta'kidladi Qozog‘iston prezidenti.

To‘qayevning aytishicha, har bir mamlakat oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish salohiyatiga ega. Shu bilan birga, ichki bozorni himoya qilish bo‘yicha cheklov choralari agrosanoat majmuasi rivojini to‘xtatib qo‘yishi va oziq-ovqat taqchilligiga olib kelishi mumkin.

"Albatta, ayrim hollarda vaqtinchalik cheklovlar qabul qilinishini oqlash mumkin. Ammo shu bilan birga, bunday cheklovlar ittifoq mamlakatlariga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak, deb hisoblayman", – dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 21 may kuni videokonferensiya shaklida Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti YeOIIga a'zo davlatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tiklashni taklif qildi.

Top