14:55 / 21.05.2021
26710

«To‘y to‘ydek bo‘lsin! To‘yimizni buzmanglar» – Ortiqxo‘jayev «5 tashabbus» bo‘yicha OAVga hazilomuz iltimos qildi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Toshkent 5 tashabbus harakati» yoshlar festivalida OAV vakillariga «to‘yimizni buzmanglar», deya hazil murojaat qildi.

Bugun, 21 may kuni, Toshkent shahrida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan yoshlar uchun «Toshkent 5 tashabbus harakati» start oldi. 21-25 may kunlari bo‘lib o‘tadigan festival doirasida madaniy va intellektual tanlovlar, sport musobaqalari, mediatreninglar, poytaxtning mashhur odamlari bilan uchrashuvlar va boshqalar bo‘lib o‘tadi.

Festival doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida prezidentning fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida Jahongir Ortiqxo‘jayev OAV vakillariga «to‘yimizni buzmanglar» deya hazilomuz murojaat qildi:

«Hurmatli OAV vakillari va blogerlar! Bu bayramga biz juda katta tayyorgarchilik qildik. Ayrim xodimlarimiz 24 soatlab mehnat qilishdi. Yoshlarimizga shunday bir to‘yona, yoshlarimiz uchun katta bayram, to‘ydek qilib o‘tkazishimiz kerak. Iltimos qilaman, qayerdadir qandaydir kamchiliklarimiz bo‘lsa, to‘yimiz, to‘ydek bo‘lib o‘tcin, bayram bayramdek bo‘lib o‘tcin.

«Toshkent21» botimiz bor, kamchiliklarni o‘zimizga aytsangiz, muammolarni to‘g‘rilab qo‘yamiz. Agar, OAV vakillari va blogerlar, yoshlarni bizchalik sevsangiz, kamchiliklarimizni saytingiz orqali aylantirishingiz shart emas. Telefon qilib, yoki botimizga aytib qo‘ysangiz, to‘g‘rilab qo‘yamiz. To‘yimizni buzmanglar. 24 soat to‘y to‘ydek bo‘lsin! Bizda keyingi gal ham bayram o‘tkazishga ishtiyoqimiz bo‘lsin. Bayramni shuncha qilib, tanqidlar bo‘laversa, keyin o‘tkazmaymiz, deb qo‘limizni yerga tushirishni xohlamaymiz», dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Top