15:08 / 22.05.2021
28002

Dahshatli raqamlar №2 – 4 oyda 557 kishi YTH qurboni bo‘lgan

Kuni kecha “Dahshatli raqamlar! Biz qayoqqa qarab ketyapmiz?!” sarlavhali maqola e'lon qilgan va unda 10 kun ichida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari ko‘lamidan hayratlangan edik. Yirik avariyalarning o‘zida 40 dan ortiq inson qurbon bo‘lgan bu 10 kunlik aslida bir maromda oshib borayotgan holatlar silsilasi ekani ma'lum bo‘lmoqda.

Qurbonlar soni bo‘yicha so‘rov yuborganimizda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan lo‘nda infografika taqdim etildi. Shunchaki raqamlardan iborat bu ma'lumotning har bir nuqtasi kishini larzaga soladi. Mamlakatdagi yo‘l harakati bo‘yicha holat jiddiy muhokamalar va keskin choralar ko‘rishni talab qiladi.

Diqqat qiling, 2021 yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida:

1. 557 kishi YTH qurboni bo‘lgan (bu kichikroq bir qishloq butunlay qirilib ketishi demakdir. Hech qanday ko‘chki yoki suv toshqinida emas, aynan insonning temirni jilovlay olmagani oqibatida);

2. 1684 kishi jarohatlangan (katta ehtimol bilan minglab kishi endi butun umr boshqalar ko‘magiga muhtoj va nogironlikka mahkum bo‘ladi);

3. «Avariya»lar sababi tahlil qilinganida mutlaq yetakchilik belgilangan tezlik me'yoriga amal qilmaslik tufayli ekani ma'lum bo‘ladi – 32,4 foiz (xo‘sh, qoidabuzarliklarga sabab sifatida abgor yo‘llar va mavjud qoloq infrastrukturalarni ko‘rsatuvchilar – qaysi o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda bunday natijalarga erishib, odamlar umriga zomin bo‘lyaptilar ekan?..);

4. Haydovchilar yoshi tahlil qilinganida kutilganidek 32 yoshgacha bo‘lganlar yetakchiligi ko‘rinadi, yosh ulg‘aygani sari qoidabuzarlik kamaya boradi;

5. Viloyatlar bo‘yicha o‘rganilganda aholi soni faktori ko‘p ham mos kelmasligi ma'lum bo‘ladi. Zero Samarqandda 246 ta YTH yuz bergani holda Buxoroda bor-yo‘g‘i 47 ta avariya sodir bo‘lgani qiziq. Lekin aholisi Samarqanddan kam bo‘lgan Farg‘ona viloyatida sodir etilgan 328 ta YTH bir hafta ichidayoq 20 dan ortiq kishi «avariya» qurboni bo‘lgani sababini anglatganday bo‘ladi. Aynan bu viloyatda qilinadigan ishlar juda ko‘pligini ko‘rsatadi;

6. Ko‘pchilik ayollarni mashina boshqaruvida uquvsizlikda ayblaydi. Ammo YTH sodir etishda sababchi erkaklar 2180 nafar bo‘lgani holda ayollar bor-yo‘g‘i 62 nafarligi buning aksini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik haydovchi ayollar kamligini ro‘kach qilar, chindan ham shunday, lekin avariyalarga mutanosib tarzda 40/1 nisbatda emas;

7. Yana bir jihat – «avariya»larni tundagi qorong‘ilik va charchoq bilan bog‘laymiz. Ammo statistika buning aksidan darak bermoqda. Aksariyat hodisalar kuppa-kunduzi sodir etiladi (1361/881).

Raqamlar, tahlillar ko‘rsatadiki, o‘zimizni har qancha oqlashga urinmaylik, aybni boshqaga ag‘darmaylik, asosiy sabab haydovchilik malakasi va madaniyatiga borib taqalmoqda. Vaziyat ayanchli, yo‘llarda har kuni o‘rtacha 4-5 odam o‘lib ketyapti va eng yomoni bu ko‘rsatkich oshishda davom etyapti.

Savol tug‘ilishi mumkin: xo‘sh, boshqa davlatlarda ahvol qanday? JSST ma'lumotlariga ko‘ra har yili kamida 1,2-1,5 mln kishi YTH qurboni bo‘ladi, 20-50 mln kishi jarohatlanadi. Har 100 ming aholiga nisbatan avariyalar tufayli o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha statistik holat ham har 4-5 yilda o‘rganib, yangilanib boriladi. 2018 yilda e'lon qilingan va 175 davlatga oid ma'lumotlar jamlangan ro‘yxatda O‘zbekiston har 100 ming aholi orasidan YTH tufayli o‘limlar soni bo‘yicha 11,5 kishi bilan 117-o‘rinni egallagan. Davlatimiz Trinidad va Tobago (12,1) hamda Samoa oralig‘ida (11,3).

Bu borada Afrikaning qoloq davlati bo‘lgan Liberiya 35,9 kishilik ko‘rsatkich bilan yetakchi. Keyingi o‘rinlarni Sent-Lyusiya va Burundi egallagan (35,4/34,7).

Eng yuqori o‘rindagi San-Marino 0 ko‘rsatkich bilan bu borada misol bo‘la olmasligi mumkin. Ammo yuksak rivojlangan va avtomobillari bizdan ancha ko‘p bo‘lgan Singapur (169-o‘rin, 2,8 kishilik ko‘rsatkich), Shvetsiya (170/2,8), Norvegiya (171/2,7), Shveytsariya (172/2,7) kabi davlatlar bizga o‘rnak bo‘la oladi va bo‘lishi shart.

 

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyevning mavzu bo‘yicha fikrlariga diqqat qiling:

“Qonli hafta”

Qoidaga amal qilishi bilan emas, aksincha qoidalarni buzgani bilan maqtanadigan, qoidabuzarlarga qarshi kurashmasdan, aksincha qoidabuzarlarni aniqlaydigan insonlar (YPX inspektorlari yoki faol fuqarolar) yoxud moslamalarga (masalan, radarlar) qarshi kurashadigan insonlar juda ko‘p bo‘lgan jamiyatning har haftasi va har kuni qonli bo‘ladi. Ishonmasangiz, marhamat, faktlarga e'tibor bering:

2021 yil:

  • 7 may. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida Isuzu yuk mashinasi haydovchisi boshqaruv vaqtida uxlab qolib, yo‘l chetida to‘xtab turgan «Kamaz»ga borib urildi. 1 kishi vafot etdi;
  • 8 may. Buxoro viloyati Kogon tumanida «Neksiya» haydovchisi ro‘paradan kelayotgan traktorga borib urildi. 1 kishi vafot etdi;
  • 8 may. Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida harakat qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, katta tezlikda kelayotgan “VAZ 21-01” yo‘lning qarama-qarshi tomonidan katta tezlikda harakatlanayotgan “Neksiya” bilan to‘qnashdi. 7 kishi vafot etdi. Ularning orasida 1 va 4 yoshli bolalar ham bor;
  • 9 may. Samarqand viloyati Payariq tumanida "Damas" haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida bo‘lgan 9 yoshli bolakayni urib yuboradi. Bolakay tuman shifoxonasida vafot etdi;
  • 10 may. Toshkent shahri Yangihayot tumanida avvalroq mast holda mashina boshqargani uchun 18 oyga haydovchilik huquqidan mahrum qilingan shaxs sud qaroriga rioya qilmasdan yana "Spark" ruliga o‘tirib, 23 yoshli piyodani urib yubordi. Piyoda voqea joyida vafot etdi;
  • 10 may.  Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida harakatlanib ketayotgan «Cobalt» qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan «Cobalt» bilan to‘qnashdi. 6 nafar shaxs vafot etdi;
  • 11 may. Nukus-To‘rtko‘l yo‘lining 225 kilometrida Cobalt, Nexia va Damas o‘zaro to‘qnashib ketgan. Avariya natijasida jami 6 kishi halok bo‘lgan;
  • 12 may. Namangan viloyati Norin tumanida «Neksiya» va «ZIL» to‘qnashdi. 2 kishi vafot etdi.

Bular men topganlarim xolos. Aslida bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda tinchlik deymiz, urush bo‘layotgan boshqa davlatlarda halok bo‘layotganlarga achinamiz-u, lekin shundoqqina yon-atrofimizda urushlardagidan ham ko‘proq odam o‘layotganiga beparvomiz. Vaholanki, o‘zimiz ham har kuni shu qo‘rqinchli yo‘lda yuramiz, hech qaysi birimiz omon qolishga kafolatlanmaganmiz. Xulosa qilishning ayni fursati... Alloh barchamizni o‘z panohida asrasin, ilohim”.

Chindan ham xulosa qilishning, barchasini, butun tizim faoliyatini, vaziyatga o‘z munosabatimizni qayta ko‘rib chiqishning ayni vaqti. Hatto ancha kechikdik va kechikishda davom etmoqdamiz ham...

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top