09:46 / 23.05.2021
61626

BMT bosh kotibi butun dunyoga murojaat qildi

Insoniyat sayyora zaxiralarini tabiat ularni tiklashga ulgurmasidan tezroq bitirmoqda. Bunda biologik xilma xillik xavotirli va mislsiz sur'atlarda qisqarib bormoqda. Shu sababli BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalqaro biologik xilma xillik kuni munosabati bilan tabiat bilan uyg‘un munosabatlarni tiklashga chaqirdi.

“Biz tabiatga urush e'lon qildik. Biz biologik xilma xillikni saqlash borasida birorta vazifani bajara olmadik”, deb aytgan Guterrish o‘z murojaatida. Uning ta'kidlashicha, ko‘z o‘ngimizda butun boshli ekotizimlar yo‘q bo‘lib bormoqda, nabobat va hayvonat olami yo‘q bo‘lish yoqasida turibdi, suv-botqoqlik maydonlari qurimoqda, cho‘l hududlari esa tobora kengaymoqda. Har yil 10 mln gektar o‘rmon yo‘qotilmoqda, okeanlar plastik chiqindiga to‘lib-toshmoqda va insoniyat atrof-muhitga chiqarayotgan karbonat angidridni tobora ko‘proq yutishi oqibatida oksidlanmoqda. Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilishga uni yo‘q qilayotgan sohalarga qaraganda kamroq pul sarflanmoqda.

BMT bosh kotibining ta'kidlashicha, tabiat hayot manbai bo‘lib, u insoniyatni nafaqat zarur resurslar bilan ta'minlaydi, balki ko‘plab muammolarni hal qilishda yordam beradi.

Koronavirus pandemiyasi esa inson va atrof-muhit o‘rtasida yaqin bog‘liqlik borligini yaqqol ko‘rsatdi: dunyoda paydo bo‘layotgan yuqumli kasalliklarning to‘rtdan uch qismi hayvonlardan insonlarga yuqmoqda.

Top