18:15 / 23.05.2021
2694

Buxoroda avtomobil olib qochgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Buxoro viloyati Jondor tumanida olib qochilgan avtomobil IIB xodimlari tomonidan topilib, egasiga qaytarilgan. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 19 may kuni soat 01:00 larda R.Hasan 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, shu kuni soat 00:30 larda Jondor tumani Dalmun qishlog‘ida joylashgan yashash xonadoni darvozaxonasi oldida turgan Spark avtomashinasini noma'lum shaxs olib qochib ketganini ma'lum qilgan. 

Shundan so‘ng, ushbu avtomashinani qidirib topish maqsadida, viloyat miqyosida «To‘sib ushlash» tadbiri e'lon qilinib, barcha YPX maskanlariga, YHXB xodimlariga bu haqda xabar berilgan. Natijada R.Hasanga tegishli avtomashina Jondor tumani Oqrabot qishlog‘ida yashovchi 25 yoshli B.Ro‘zi tomonidan olib qochilgani aniqlanib, avtomashina Beklar qishlog‘i hududidan topilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jondor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, B.Ro‘zi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Tergov davom etmoqda.

Top