23:37 / 23.05.2021
64537

Lukashenkoga muxolifatchi blogerning aldov yo‘li bilan qo‘lga olinishi. Asosiy ma'lumotlar

Minskda Belarusdagi namoyishlarni faol yoritgan Nexta telegram-kanalining sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U Afinadan Vilnyusga uchgan samolyot «minalashtirish» haqidagi xabardan so‘ng Minsk aeroportiga majburan qo‘ndirilgan bortdan tushirib qoldirilgan.

23 may kuni kunduzi Gretsiya poytaxti Afinadan Litva poytaxti Vilnyus shahri tomon uchgan Ryanair aviakompaniyasi samolyoti shoshilinch tarzda qo‘ndirildi.

«Roman Protasevich qo‘lga olindi. U Ryanair aviakompaniyasining Afina-Vilnyus reysida uchayotgandi», - deya xabar qildi «Vesna» manbasi.

Svetlana Tixanovskayaning maslahatchisi Franak Vyachorka samolyot bortida jurnalist, Nexta telegram-kanalining sobiq muharriri Roman Protasevich bo‘lgani (u Nexta dan ketgach boshqa bir muxolifatchi kanal «Belarus golovnogo mozga» uchun ishlay boshlagan) haqida xabar berdi.

Litva prezidenti va tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Yevropadagi qator davlatlar rahbarlari, siyosatchilar va diplomatlar samolyot va yo‘lovchilarni zudlik bilan qo‘yib yuborishni talab qilishmoqda.

Gretsiya TIV Afinadan uchgan samolyot majburan qo‘ndirilishini davlat aviaqaroqchiligi akti deb atadi, Polsha bosh vaziri Belarus aviakompaniyalariga Yevropa Ittifoqi hududi ustidan parvozlar amalga oshirishni taqiqlash taklifini bildirdi.

Aviatsiya xavfsizligi sohasidagi ekspertlar yo‘lovchi laynerning yo‘li to‘silishi va u yo‘lovchilardan birini hibsga olish maqsadida majburan qo‘ndirilishini pretsedenti bo‘lmagan hodisa deb atashmoqda.

Belarus IIV Protasevich Minsk aeroportida qo‘lga olinganini tasdiqlagan.

Undan avvalroq «Minsk» xalqaro aeroporti Afinadan Vilnyusga uchgan Ryanair samolyoti mina o‘rnatilgani haqidagi xabardan keyin shoshilinch qo‘ndirilgani haqida xabar bergandi. Keyinroq bomba haqidagi xabar tasdiqlanmadi, ammo bortdagi barcha yo‘lovchilar tekshirilgani ma'lum qilindi.

O‘z navbatida, samolyot yo‘l olgan Litvadagi aeroport vakili «Reyter» agentligiga bortda yo‘lovchilardan biri va ekipaj a'zolari o‘rtasida janjal kelib chiqqanidan so‘ng samolyot Minskka qo‘ndirilgani haqida aytib berdi.

Belarusdagi Onliner nashrining qayd etishicha, Minskda yo‘lovchilar samolyotdan tushirilgan va qayta tekshiruvdan o‘tkazish uchun aeroport ichkarisiga olib ketilgan, shu vaqtda Protasevich qo‘lga olingan.

Ryanair aviakompaniyasining ma'lum qilishicha, samolyot bortidagi xavf haqida Belarus dispetcherlik xizmati xabar bergan.

Aviatashuvchi bayonotida aytilishicha, Ryanair aviatsion xavfsizlik bo‘yicha milliy va Yevropa agentliklarini ushbu holat haqida xabardor qilgan va bu holat aviakompaniyaga bog‘liq ravishda ro‘y bermaganini bildirgan.

«Tekshiruv vaqtida hech qanday nojo‘ya holat aniqlanmadi, mahalliy hukumat samolyot va yo‘lovchilarga uchib ketishga ruxsat bergan», deyiladi aviakompaniya ma'lumotida.

Toshkent vaqti bilan soat 23:30da samolyot Vilnyusga qo‘ngan, samolyot Minsk aeroportida qariyb 7 soat ushlanib qoldi.

Belarus muxolifati yetakchilaridan biri bo‘lgan Pavel Latushkoning ma'lum qilishicha, undagi ma'lumotlarga ko‘ra, Minskdan Vilnyusga samolyotda bo‘lgan Belarusning 2, Rossiyaning 4 fuqarosi uchmagan.

Nexta ma'lumotiga ko‘ra, parvozdan oldin Protasevich o‘zini kuzatishayotganini sezgani haqida xabar bergan: o‘rta yoshlardagi, rus tilida so‘zlashuvchi erkak uning hujjatlarini suratga olishga harakat qilib, tushunarsiz tarzda savollar bergan. Shundan so‘ng hujjatlarni tekshirish chog‘ida keyingi navbat uniki bo‘lsa-da, qatordan chiqib ortga ketgan.

«Mutlaqo ayonki, bu jamoat faoli va bloger Roman Protasevichni qo‘lga olish maqsadida samolyotni to‘xtatish uchun maxsus xizmatlar tomonidan amalga oshirilgan amaliyotdir», deya ma'lum qildi Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Svetlana Tixanovskaya.

Xalqaro reaksiya

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Belarus hukumatidan Protasevichni ozod etishni talab qilgan va samolyot majburan Minskka yo‘naltirilib, aeroportga qo‘ndirilganini qayd etgan.

«Men NATO va YeIni Belarusdagi rejim tomonidan xalqaro fuqarolik aviatsiyasiga qilingan tahdidga tezkorlik bilan reaksiya qilishga chaqiraman. Xalqaro hamjamiyat bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun zarur qadamlarni tashlashi kerak», dedi Litva prezidenti.

Nauseda bu vaziyatni YeIning dushanba kungi sammitida ko‘tarib chiqishni va'da qilgan.

Litva TIV Minskka qo‘ngan Ryanair samolyoti ekipaji va yo‘lovchilarini ozod qilish talabi bilan Belarus vakilini chaqirtirgan.

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Belarus hukumati harakatlarini davlat terrorchiligi akti sifatida baholadi.

«Men Roman Protasevich Belarus hukumati tomonidan Ryanair kompaniyasi samolyotini egallash orqali qo‘lga olinganini qat'iy qoralayman. Bu o‘zini nomunosib tutgan davlat terrorizmi aktidir», deya yozgan u tvitterda.

Moravetskiy Litva prezidentining bu hodisani YeI sammitida muhokama qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va Yevropa kengashi raisiga Belarusga nisbatan zudlik bilan sanksiyalar kiritishni muhokama qilish taklifi bilan murojaat qilgan.

Belarusning Varshavadagi elchisi Polsha TIVga izoh olish uchun chaqirilgan.

Fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (ICAO) Ryanair reysi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan xavotir bildirib, bu vaziyatda xalqaro aviatsiya faoliyatining asosiy prinsiplari belgilab berilgan Chikago konvensiyasi buzilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Tashkilot ro‘y bergan hodisa yuzasidan davlat va ushbu hodisaga jalb qilingan tashkilotlarning rasmiy ma'lumotini kutayotganinni qo‘shimcha qilgan.

O‘z navbatida Yevropa kengashining sobiq rahbari, Polshaning sobiq bosh vaziri Donald Tusk tvitterdagi sahifasida Lukashenko endi nafaqat o‘z mamlakati fuqarolariga, balki xalqaro xavfsizlikka ham tahdid solayotgani haqida yozib, Yevropadagi barcha davlatlar hukumatlari va tashkilotlarni zudlik bilan qat'iy choralar ko‘rishga chaqirdi.

Yevroittifoqning yuqori martabali rasmiylari ham Belarusni Minskka qayta yo‘naltirilgan samolyot yo‘lovchilari xavfsizligi uchun javobgarligi haqida ogohlantirib, yo‘lovchilarning barchasini qo‘yib yuborishni talab qilishmoqda.

«Biz samolyot va uning barcha yo‘lovchilari xavfsizligi uchun mas'uliyatni Belarus hukumati zimmasiga yuklaymiz», degan Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.

«BARChA yo‘lovchilarga manzil tomon uchishni davom ettirishga ruxsat berilishi kerak», deya qo‘shimcha qilgan u bu gap muxolifatchi faol Roman Protasevichga ham taalluqli ekaniga urg‘u berib.

Britaniya parlamentining xorijiy ishlar bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi Tom Tugendhat «muxolifat ovozini o‘chirish maqsadida samolyotni zo‘rlik bilan qo‘ndirish demokratiyaga hujum hisoblanishi»ni qayd etgan.

«Gretsiya bugun ro‘y bergan va Afina-Vilnyus reysini amalga oshirgan Ryanair FR 4978 samolyoti majburan Minskka qo‘ndirilishiga olib kelgan davlat aviaqaroqchiligini qattiq qoralaydi», deyiladi Gretsiya TIV bayonotida.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, samolyot bortidagi 171 kishidan 11 nafari - Gretsiya fuqarolaridir. «Barcha yo‘lovchilar hayotini xavf ostida qoldirgan bunday aktga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», - degan Gretsiya TIV va barcha yo‘lovchilarga manzilga yetib olish imkoniyati taqdim etilishini talab qilgan.

«Biz o‘lim jazosi tahdid solayotgan belarus faoli Roman Protasevichning noqonuniy hibsga olinishini qattiq qoralaymiz», deyiladi bayonotda.

«Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra»

FR4978 reysi belgilangan marshrutni o‘zgartirishi flightradar124 saytida qayd etilgan, unda samolyot Litva chegarasiga yetay deb qolganida ortga qayrilib, sharq tomonga, Minskka uchgani aks etgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning administratsiyasiga yaqin bo‘lgan «Pul Pervogo» kanali samolyot bilan bog‘liq vaziyat davlat rahbari nazoratida turganini ma'lum qilgan.

Xabar qilinishicha, «bosh qo‘mondon topshirig‘i bilan yo‘lovchi samolyotga hamrohlik qilish uchun qiruvchi samolyot havoga ko‘tarilgan». Keyinroq bu xabar saytdan o‘chirilgan.

Belarus mudofaa vazirligidagilarning ma'lum qilishicha, mamlakat havo kengliklaridagi samolyotda bomba bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma'lumotdan so‘ng, havo hujumidan mudofaa kuchlari shay holatga keltirilgan, bortida 120 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan samolyot esa Minsk aeroportiga MiG-29 qiruvchisi hamrohligida olib kelingan.

Keyinroq Belarus tergov qo‘mitasi havo kemasida bomba borligi haqidagi yolg‘on xabar yuzasidan jinoiy ish ochilganini ma'lum qildi.

O‘xshashi yo‘q hodisa

Garchi yo‘lovchi avialaynerlar minalashtirilgani haqidagi xabarlar yangilik bo‘lmasa-da, ekspertlar Ryanair reysini majburan qo‘ndirish uchun havoga qiruvchi samolyotlar chiqarilishini unikal hodisa deb atashmoqda.

Birinchi toifali uchuvchi, «Aeroflot» uchuvchisi Andrey Litvinov FR4978 reysi bilan ro‘y bergan hodisani yovvoyilik deb atadi.

«Bortda bomba borligi xabar qilinganda, samolyotni qaysi aeroportga shoshilinch qo‘ndirishni ob-havo sharoitini, aeroportning bu tipdagi samolyot qo‘nishi uchun qay darajada mosligini va qo‘nish chizig‘i mavjudligini hisobga olgan holda uchuvchilar hal qilishadi. Qaysi mamlakat ustidan uchayotgani ahamiyatli emas - u shu va boshqa shu kabi parametrlardan kelib chiqqan holda aeroport tanlaydi», deydi uchuvchi BBC rus xizmati korrespondenti bilan suhbatda.

«Yana bir bor aytaman - qarorni komandir qabul qiladi, bu holatda qiruvchi samolyotlarning yordamiga hojat yo‘q. Ular qaysidir aeroportga qo‘nishga buyruq berishga haqli emas, bu faqat komandirning qarori bo‘lishi kerak», deya qo‘shimcha qilgan Andrey Litvinov.

Uning izohlashicha, bortdagi bomba haqidagi xabar uchuvchiga yoki FSB bilan aloqador bo‘lgan dispetcher orqali, yoki Parvozlarni boshqarish markazi telegrammasi orqali kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tarish havo kemasining yo‘lini to‘sish hisoblanadi va bu kabi chora istisnoli holatlardagina qo‘llanadi.

«Menda bir holat bo‘lgandi, bortdagi mast yo‘lovchi o‘zini terrorchi deb atagan. Bunday vaziyatlarda uchuvchi yerdagilarga kema qo‘lga olingani haqida xabar beradi va o‘shanda qiruvchi samolyotlar katta fojianing oldini olish uchun samolyot tomon yo‘l olishadi: masalan, agar terrorchi uchuvchini samolyotni aholi turar joylariga yo‘naltirishga majburlasa. Ular vaziyat butkul nazoratdan chiqib ketganda va uchuvchi qo‘nishdan bosh tortganda samolyotni urib tushirish uchun kerak bo‘ladi. Menga qo‘nish davomida ikki qiruvchi samolyot hamrohlik qilgan va bu uchuvchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham ulkan stressdir», - deya hikoya qiladi uchuvchi.

Belarus hukumati Protasevichni nimalarda ayblagan?

2020 yil noyabrida Belarus davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) Protasevichni Nexta kanalining yana bir boshqa asoschisi Stepano Putilo bilan birga terrorchilar ro‘yxatiga tirkagandi.

Bundan tashqari, Belarus Tergov qo‘mitasi Putilo va Protasevichga qarshi Minskda ommaviy tartibsizliklar tashkillashtirish, hukumat vakillari va militsiyaga nisbatan ijtimoiy dushmanlik uyg‘otish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Bu moddalar mos ravishda 15 va 12 yillik ozodlikdan mahrum etish jazolarini ko‘zda tutadi. 

Nexta telegram-kanali va uning logotipi Belarus hududida ektremistik materiallar deb e'lon qilingan. Shuningdek, hozirda Protasevich ishlayotgan «Belarus golovnogo mozga» kanali ham ekstremistik deb topilgan.

Nexta — 2020 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyin Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlari boshlanishi natijasida mashhurlikka erishgan birinchi raqamli muxolifat resursi hisoblanadi. Kanal tahririyati Polsha poytaxti Varshavada joylashgan.

Mavzu
Afina-Vilnyus reysi mojarosi
Minskda Nexta muxolifatchi Telegram-kanali sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U uchayotgan samolyot bomba haqidagi xabar tufayli Belarusga favqulodda qo‘ndirildi. Qo‘nish haqidagi qarorni Lukashenkoning shaxsan o‘zi «Yevropani himoya qilish» uchun qabul qilgan
Barchasi
Mavzuga oid
Top