15:19 / 25.05.2021
3462

2020 yil tez yordam shifokorlariga 42ta tajovuz holati kuzatildi

Ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan “Shoshilinch va tez tibbiy yordam: kafolatli, ishonchli va sifatli xizmat” mavzusidagi matbuot anjumanida RShTYoIM direktori Doniyor Alimovning ma'lum qilishicha, shuncha sa'y-harakatlarga qaramay shifokorlarga tajovuzlar davom etmoqda.

“Afsuski bu kabi xunuk holat hanuz davom etyapti. Jumladan, 2019 yilda 79 ta, 2020 yil davomida  esa 42 ta holatda tez tibbiy yordam xodimlariga nisbatan tajovuz qilingan, ayniqsa, o‘tgan yil  bu holat Andijon (9 ta holat) va Farg‘ona (9 ta holat) viloyatlarida ko‘proq kuzatilgan. 2021 yilning 5 oyida esa tez tibbiy yordam xodimlariga nisbatan tajovuzlar 11 tani tashkil qildi.

Biz, vazirlik, vazirimizning o‘zi bunday holatlarning har biri bo‘yicha huquq-tartibot organlariga ma'lumot beramiz, kerakli choralar ko‘rilishini so‘raymiz. Chunki shifokorlarga ham maxsus formadagi insonlar, ular ham himoyalanishi kerak. Lekin o‘sha bezorilik holatlariga lozim darajada jazo qo‘llanilyapti, deya olmaymiz. Albatta, bunga shifokorlarning o‘zi ham loyiq harakat qilsa-chi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Ammo bu zo‘ravonlik huquqini bermaydi”.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov bunga qo‘shimcha ravishda shunday dedi:

“OAV vakillaridan shuni iltimos qilardik, o‘shanday bezorilik qilganlarga nisbatan sud jarayonlarini ham yoritib beringlar. Ularning qilmishlari yoritilyapti, xalqimiz xabar topyapti. Lekin ularga berilgan jazoni ham ko‘rsatib bersak, bunday holatlar kamayishiga erishardik”.

Top