12:59 / 25.05.2021
3492

Agrobank: Rosselxozbank bilan hamkorlik aloqalari rivojlantirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiyaning qishloq xo‘jaligini moliyalashtiruvchi yirik banklari “Agrobank” ATB va “Rosselxozbank” AJ o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.

Xususan, mazkur bank mas'ullari ishtirokida “Fermerlar maktabi”, “Raqamli ekotizim” va “Agrosanoat majmuasining eksport qilishini qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashishga qaratilgan masofadan turkum tadbirlar o‘tkazildi.

Aloqalarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Agrobank va Rosselxozbank o‘rtasida banklararo hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.

Memorandum 2021 yil 21 may kuni Moskva shahrida “Rosselxozbank” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Kirill Levin va “Agrobank” ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Erkin Kaxorov tomonidan imzolandi.

Shuningdek, muzokaralar davomida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, eksport va importni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligiga bank xizmatlari ko‘rsatishda zamonaviy ekotizimlarni tatbiq etish bo‘yicha joriy imkoniyatlar va o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqbolli yo‘nalishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tomonlar zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda mijozlarga xizmat ko‘rsatish, tashqi savdoni moliyalashtirish, Rossiya va O‘zbekiston rezidentlari o‘rtasida pul o‘tkazmalari va operatsiyalar, NTPRo savdo maydonchasi doirasida konversion operatsiyalarini amalga oshirish uchun korrespondentlik aloqalari o‘rnatilganligini mamnuniyat bilan qabul qilishdi.

“Agrobank” ATB Matbuot xizmati

Top