15:05 / 25.05.2021
7346

Moliya vazirligi: 2020 yilda yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 1700 dollardan to‘g‘ri keldi

2020 yil yakunlariga ko‘ra, real hajmdagi aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YaIM) 0,3 foizga kamaydi va 16 million 949 ming so‘mni yoki 1 ming 685 AQSh dollarini tashkil etdi.

Moliya vazirligi 2020 yildagi davlat budjeti ijrosi bo‘yicha navbatdagi hisobotni e'lon qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yil uchun qabul qilingan konsolidatsiyalashgan budjetning parametrlari prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulot o‘sishi ko‘rsatkichi 5,5 foizga asoslangan holda hisoblab chiqildi. Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi sharoitida 2020 yilda YaIM o‘sish sur'ati 1,6 foizga sekinlashdi.

Joriy narxlarda YaIM hajmi 580,2 trln so‘mni yoki 57,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.

2020 yil yakunlariga ko‘ra, real hajmdagi aholi jon boshiga YaIM 0,3 foizga kamaydi (2019 yilda 3,8 foizga oshdi) va 16 million 949 ming so‘mni yoki 1 ming 685 AQSh dollarini tashkil etdi.

O‘tgan yil yakunida davlat budjeti daromadlari 132 trln 938 mlrd so‘mni tashkil etib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 4 trln 478 mlrd so‘m yoki 103,5 foizga oshirib bajarildi. 2019 yil ko‘rsatkichlari bilan solishtirilganda daromadlar 20 trln 774 mlrd so‘m yoki 18,5 foizga oshdi.

Bunda Davlat soliq qo‘mitasi ma'murchiligidagi daromadlar 103 trln 562 mlrd so‘mni, davlat bojxona qo‘mitasi ma'murchiligidagi daromadlar 24 trln 708 mlrd so‘mni, boshqa daromad manbalari bo‘yicha tushumlar 4 trln 668 mlrd so‘mni tashkil etdi.

2020 yilda davlat budjeti xarajatlariga 144 trln 142 mlrd 7 mln so‘m sarflandi. Hisobotda qo‘shimcha xarajatlarning aksariyat qismi (12,8 trln so‘m) global inqiroz holatlari va koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi xarajatlariga to‘g‘ri kelishi bildirilgan.

O‘tgan yil yakunida konsolidatsiyalashgan budjet umumiy fiskal balansining taqchilligi 26,1 trln so‘mni (YaIMga nisbatan 4,5 foiz), tasdiqlangan budjetda 17,8 trln so‘mni (YaIMga nisbatan 2,7 foiz) tashkil etdi.

Vazirlik budjet taqchilligi oshishini koronavirus infeksiyasi pandemiyasi sharoitida iqtisodiyotni va aholini qo‘llab-quvvatlash uchun xarajatlarning ortishi zaruriyati bilan izohladi.

2020 yilda 27 trln 703 mlrd so‘m hisobida Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining daromadlari shakllantirildi. Mahalliy budjet xarajatlari esa 47 trln 191 mlrd so‘m hisobida ijro etildi.

«Mahalliy budjetlar muvozanatini ta'minlash maqsadida budjetlararo transfertlarni tartibga solish orqali ularning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq qoplandi», deyiladi hisobotda.

Shuningdek, o‘tgan yil mobaynida O‘zbekistonning jami davlat qarzi 5,5 mlrd dollarga oshgani hamda 2021 yilning 1 yanvar holatiga 23,3 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 40,4 foizni) tashkil etgani keltirilgan.

Davlat budjetining 2020 yil uchun dastlabki tasdiqlangan parametrlarida respublika hukumati nomidan yoki O‘zbekiston kafolati ostida tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yangi imzolangan bitimlarning umumiy hajmi 5 mlrd AQSh dollari hisobida tasdiqlandi.

«Biroq COVID-19’ga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish zaruriyati tufayli tashqi qarzning chegaraviy miqdori 5,5 mlrd AQSh dollariga hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash va loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd AQSh dollarigacha oshirildi», deya qayd etadi vazirlik.

Yil yakunlariga ko‘ra, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining xarajatlariga 12,8 trln so‘m sarflangan. 2021 yilning 1 yanvaridan jamg‘arma qisqartirilgan va tashkilot o‘zlashtirilmagan mablag‘larining bir qismi hamda 2020 yil yakuni bo‘yicha mablag‘larning qoldig‘i respublika budjetiga o‘tkazilgan.

Mavzuga oid
Top