00:19 / 25.05.2021
14663

UZREPORT TV mualliflik huquqlarini himoya qilib, Beeline'ni sudga berdi

Bu haqda telekanal rasmiy saytida ma'lum qilindi. Beeline kompaniyasining bu boradagi pozitsiyasi hozircha ma'lum emas.

«UZREPORT TV telekanali sudga murojaat qilishining sababi, «Unitel» MChJ («Beeline» savdo belgisi) kompaniyasi o‘ziga tegishli bo‘lgan «Beeline TV» mobil ilovasida UZREPORT TV bilan shartnoma tuzmasdan UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallarini namoyish qilib, moddiy manfaat ko‘rib kelmoqda.

Mazkur harakatlari bilan «Unitel» MChJ UZREPORT TV telekanalining qonuniy huquqlarini buzmoqda», – deyiladi telekanal axborotida.

«Beeline kompaniyasini bir necha marta ogohlantirdik. Huquqiy davlatlarda mualliflik huquqlariga amal qilinishi shart. Ammo Beeline bunday huquqlarni buzdi va buzishda davom etmoqda. Demak hammasini sudda hal qilish fursati yetdi», – dedi telekanal huquqshunosi Mirzohid G‘aniyev Kun.uz'ga bergan izohida.

UZREPORT TV suddan «Unitel» MChJ kompaniyasi «Beeline TV» mobil ilovasida UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallarini shartnoma tuzmasdan namoyish etmaslikni so‘ragan.

UZREPORT TV (FUTBOL TV) – futbol bo‘yicha Yevropaning bir qator milliy chempionatlari (APL, La liga, Italiya A seriyasi), Yevropa Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, shuningdek, Jahon va Yevropa chempionati kabi bir qator musobaqalarning O‘zbekiston bo‘ylab eksklyuziv translatsiya huquqi egasi hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top