08:09 / 25.05.2021
3323

Yozyovon qumtepaliklari davlat muhofazasiga olinganligi ma'lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoda noyob, shifobaxsh hisoblangan Yozyovondagi qum tepaliklarni tadbirkorlar egallab olayotganligi iddao qilingan xabarlar tarqaldi. Farg‘ona viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi o‘z munosabatida u davlat muhofazasiga olinganligini aytmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Yozyovon tuman cho‘llaridagi qum tepaliklar mahalliy tadbirkorlar tomonidan egallab olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga ko‘ra, ushbu qum tepaliklar dunyoda noyob va shifobaxsh sanaladi. 

Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati mazkur xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi. 

Ta'kidlanishicha, mazkur muammolar  o‘tgan yili hal qilinib, hozirga qadar tadbirkorlar tomonidan egallab olish va talon-toroj ishlariga chek qo‘yilgan. Shuningdek, hudud Farg‘ona viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan. 

O‘rganishlar davomida «Yozyovonmaxsussuvqurilish» DUK qurilish obektida foydalanish uchun “Markaziy-Farg‘ona” qum konining 5-uchastkasi hududidan sanoat usulida qum qazib olish masalasi ko‘tarilgan. Ushbu masala o‘rganib chiqilib, Davlat ekologiya qo‘mitasining 2020 yil 22 apreldagi xatiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga dastlabki xulosa kiritilgan. Xulosada “Kon uchastkasida qolgan qum zaxirasini Davlat geologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va “Yozyovonmaxsussuvqurilish” DUK ishtirokida joyiga chiqib o‘rganish maqsadga muvofiqligi ma'lum qilingan.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 7 may kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati boshqarmasining 4 nafari mutaxassisi, «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi inspektori, “Uzgidrotexnik” MChJ direktori o‘rinbosari, Farg‘ona davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon ustasi ishtirokida “Markaziy-Farg‘ona” qum konining 5-uchastkasida o‘rganish o‘tkazgan. 

Mazkur uchastka “Yozyovon cho‘llari” tabiat yodgorligi hududida joylashgan bo‘lib, 105.7 gektar maydonni egallaydi. “Yozyovon cho‘llari” tabiat yodgorligi Markaziy Farg‘onaning Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlarining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, hali o‘zlashtirilmagan, o‘ziga xos noyob landshafti shakllangan biologik tizimga ega, bu yerdagi ekologik tizim asrlar davomida tashkil topgan va rivojlangan.

Tabiat yodgorligidagi o‘simlik dunyosining 188 turkumga oid bo‘lgan 302 xildagi o‘simlik turi, shu jumladan, 5 turdagi daraxtlar, 24 turdagi butalar va 10 turdagi chala butalar, 98 turdagi ko‘p yillik o‘tlar, 165 turdagi bir yillik o‘tlarni tashkil qiladi. Yodgorlik hududidagi o‘simliklarning 91 turi shifobaxsh, 81 turi esa begona o‘tlarni tashkil qiladi.

Ishchi guruhining xulosasiga asosan, qum zaxiralarini o‘zlashtirish natijasida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan ko‘plab hayvonot va o‘simlik dunyosining yo‘qolib ketishiga yoki kamayib ketishiga hamda mazkur hududda yer osti sizot suvlari ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda, ushbu hududda qazish ishlarini olib bormaslik maqsadga muvofiq deb topilgan.

"O‘z navbatida Davlat ekologiya qo‘mitasi alohida ishchi guruh tuzib, “Yozyovon cho‘llari” tabiat yodgorligi hududida qum qazib olishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan nazorat ishlarini olib bormoqda, jumladan, 2021 yil 14 may kuni nazorat tadbirlari amalga oshirildi va tabiat yodgorligi hududi qat'iy nazoratga olingan", - deyiladi boshqarma rasmiy munosabatida.

Eslatib o‘tamiz avvalroq, Farg‘ona kanaliga cho‘kib ketgan yozyovonlik yigitning o‘limiga nima sabab bo‘lganligi ma'lum qilingandi.

Top