09:23 / 26.05.2021
5233

Jamoat ishlari jamg‘armasining 10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i noqonuniy sarflangan

Senat kengashining majlisi o‘tkazildi. Majlisni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. 

Foto: KUN.UZ

Kengash majlisida ayrim budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari shakllantirilishi va ulardan foydalanish samaradorligini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘laridan 26ta tuman (shahar) aholi bandligi markazlariga haq to‘lanadigan jamoat ishlarining 2020 yil uchun xarajatlar smetasiga nisbatan jami 259,5 mln so‘m mablag‘ ortiqcha sarflangan.

“Bandlik markazlari tomonidan amalda ishsiz deb e'tirof etilmagan va haqiqatda ish bilan band bo‘lgan fuqarolarga 93 mln so‘m jamg‘arma mablag‘i noqonuniy berilgan. Oxirgi 2 yilda jamg‘armaning 10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i noqonuniy sarflangan”, deyiladi xabarda.

Majlisda Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, texnogen holatdan zarar ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisiga tezkorlik bilan zarur yordam ko‘rsatilgan edi.

Shuningdek, Senat a'zolari joylarga chiqib tadbirkorlik sub'yektlari, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida mavjud holatni o‘rganib chiqqan edi. Bu masala Senat tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Joriy yil aprelida Sirdaryo viloyatida suv toshqini talafotlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar doirasida Hukumat komissiyasi tomonidan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash hamda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini qurish-ta'mirlash ishlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ miqdori (126 mlrd so‘m) hisoblab chiqilgan.

Senat kengashi talab etiladigan mablag‘larni respublika budjetidan bosqichma-bosqich ajratish taklifini ma'qulladi.

 

Top