17:14 / 27.05.2021
17475

Lukashenko Baydenni Minskka taklif qilib, uning laynerini qiruvchi samolyotlar bilan himoya qilishga so‘z berdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSh hamda Rossiya prezidentlari Shveytsariyadagi uchrashuv vaqtida Belarus mavzusini ham muhokama qilishiga munosabat bildirdi. Bu haqda parlament a'zolari bilan uchrashuvda gapirgan Lukashenko prezidentlarni Minskda uchrashishga taklif qildi va istehzo tariqasida Baydenning laynerini qiruvchi samolyotlar bilan himoyalashga so‘z berdi.

«Bayden va Putin uchrashuvida ko‘p mavzular qatorida Ukraina hamda Belarus ham muhokama qilinarkan. Marhamat, bemalol gaplashaverishsin. Aytaylik, biz juma kuni Putin bilan Amerikani muhokama qilamiz (Putin va Lukashenko 28 may kuni Sochida uchrashadi). Bir narsani tushunmayapman, Putin-ku mayli, vaziyatdan xabardor, lekin Bayden nima derkin Belarus haqida? Uning bizda nimalar bo‘lganidan xabari yo‘q-ku? Umid qilaman, unga (Baydenga) uchrashuvdan avval dunyo xaritasini berishadi va u Belarus qayerda joylashganini ko‘rib oladi.

Hozir hammaning oldida ularni Minskka taklif qilaman. Marhamat, Belarusni muhokama qilmoqchi bo‘lishsa, kelib, shu yerda gaplashishsin. Birgalikda barchasini muhokama qilamiz. So‘z beraman, biz haqimizda aytiladigan va Psaki (AQSh prezidenti matbuot kotibi) Baydenga kiritib beradigan barcha safsatalarni ham eshitishga ham tayyorman. Kelishsin, men ularni munosib kutib olay. Lekin Shveytsariyada turib olib Belarusni muhokama qilish bo‘lmag‘ur ish.

Putin-ku Minskka jon deb keladi, marhamat, Bayden ham kelsin. Ularning uchrashuvida Putin nima deyishini bilaman, chunki u o‘zaro telefon suhbatida Belarus haqida nima deganini bilaman (Peskov Putin AQSh prezidenti bilan suhbatda Belarus haqida nima deganini Lukashenkoga aytganini tasdiqladi).

Balki, [Bayden] bu yerga kelishi u uchun tavakkal bo‘lar. Axir biz yo‘q joydan samolyotni to‘xtatib, qo‘ndirishimiz mumkin. Kelsin, istalgan qo‘nish yo‘lakchasini ochib beramiz. So‘z beraman, qiruvchi samolyotlarni uchirib, Shveytsariya chegarasidan boshlab qo‘riqlab kelamiz. Uchta qiruvchi bo‘ladi, ikki yondan va orqadan. Xohlasa, pastdan ham bitta samolyot qo‘shib beramiz, agar pastda kimdir PZRKdan (ko‘chiriluvchi zenit raketa qurilmasi) samolyotni nishonga olayotgan bo‘lsa, bizning qiruvchi samolyot uni xavfsiz tarzda qo‘nish yo‘lakchasigacha olib keladi.

Turkiyaga uyushtirgan bir safarim hech xayolimdan ko‘tarilmaydi. U vaqtda hali Erdo‘g‘an prezident emasdi. Samolyotimiz ketyapti, yonimizda ikkita F-16 qiruvchi samolyoti uchmoqda. Hayron qoldim va keyin bilsam, ularning xavfsizlik talabi shunaqa ekan. Yana bir bor Baydenni lutfan Belarusga taklif qilaman, kelsin, gaplashamiz. Ularning uchrashuvida Putin bizning pozitsiyani qo‘llashini bilaman, chunki u adolatli inson», dedi Lukashenko parlament vakillari bilan uchrashuvda.

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Afinadan Vilnyusga uchayotgan Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasiga tegishli samolyot Minsk aeroportiga qo‘ndirilgan va uning ichida bo‘lgan Nexta Telegram-kanali sobiq bosh muharriri Roman Protasevich qo‘lga olingandi. 16 iyun kuni Jyenevada AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashadi. Bu uchrashuvda Bayden va Putin ayni shu masalani muhokama qilishi aytilgan.

Mavzu
Afina-Vilnyus reysi mojarosi
Minskda Nexta muxolifatchi Telegram-kanali sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U uchayotgan samolyot bomba haqidagi xabar tufayli Belarusga favqulodda qo‘ndirildi. Qo‘nish haqidagi qarorni Lukashenkoning shaxsan o‘zi «Yevropani himoya qilish» uchun qabul qilgan
Barchasi
Mavzuga oid
Top