09:49 / 28.05.2021
4456

«Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonunning dastlabki loyihasi ishlab chiqilgani ma'lum qilindi.

Moliya vazirligi davlat qarzini samarali boshqarish va shaffoflik darajasini oshirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Manbaga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda qonun loyihasi ham ishlab chiqilgan.

«2020 yildan beri Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan birgalikda qarz barqarorligi tahlili amalga oshirilib kelmoqda va ilk bor 2021 yil uchun budjetnomada aks ettirildi. Xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonunning dastlabki loyihasi ishlab chiqildi», deyiladi ma'lumotda.

Shuningdek, manbada 2020 yildan boshlab jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi miqdorlarini qonuniy chegaralash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani, davlat tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha shartnomalarning cheklangan hajmi (5,5 mlrd dollar) belgilangani keltirilgan.

«2021 yildan boshlab ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarning (ijtimoiy soha obektlari va infratuzilma loyihalari bundan mustasno) investitsiya loyihalari davlat kafolatisiz bozor shartlarida moliyalashtirishga o‘tkazilmoqda», deyiladi hisobotda.

Ma'lum qilinishicha, davlat qarzini boshqarish borasida o‘rta muddatli strategiya har yili respublikaning makroiqtisodiy rivojlanishi hamda davlat budjeti parametrlaridan kelib chiqib yangilanmoqda.

Shu bilan birga, bu yil ichki majburiyatlar bo‘yicha davlat kafolati berilishi to‘xtatildi va davlat qarzini boshqarish hamda moliyaviy tahlil tizimidagi ma'lumotlar avtomatlashtirildi. Davlat qarzi statistikasi shaffofligini oshirish maqsadida davlat qarzi holati va dinamikasining choraklik sharhini va xorijiy investorlar uchun maxsus oylik axborotnomani vazirlik rasmiy veb-saytida e'lon qilish va xorijiy investorlarga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Bundan avval, 2021 yilning 1-choragida O‘zbekiston davlat qarzi miqdori va uning kamaygani ma'lum qilingandi. Xususan, qarz hajmi 23,2 mlrd dollarni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan 133,7 mln dollarga kamaydi.

Shuningdek, respublika tashqi qarzining taqsimoti va valuta tarkibi ham ochiqlandi. Qayd etilishicha, davlat tashqi qarzi budjetni qo‘llab-quvvatlash, elektr energetika, transport, uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, valuta tarkibining 70,4 foizi AQSh dollarida jalb qilingan.

Mavzuga oid
Top