16:00 / 28.05.2021
16368

Elektr qurilmalardan foydalanilmaganda ham yangi hisoblagichlar pul yozishi holatiga izoh berildi

Elektron qurilmalardan foydalanilmaganda ham elektr tarmog‘iga ulangan holda qoldirilsa, energiya sarflovchi indikatorlar hisobiga pul yozilishi mumkin. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddilari ishtirokida AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi direktori Ravshan Mirsolihov ma'lum qildi.

“Har qanday elektr qurilmasi ishlatilmasa ham rozetkaga ulangan holda turganda biror energiya sarflovchi indikatori ishlab tursa energiya sarfi kuzatiladi. Masalan, televizor ko‘rilmasa ham elektrga ulangan holda tursa, unda qizil chiroq yonib turadi. Bu o‘z-o‘zidan yuz bermaydi, albatta energiya sarfi evaziga yonadi. Bunda kam miqdorda bo‘lsa ham elektr ishlatiladi va hisoblagich bu uchun pul yozadi. Yangi elektr energiya hisoblagichlar bejizga “Aqlli hisoblagich” deb nomlanmagan. Sababi har qanday energiya sarfini ham hisobga oladi. Lekin iste'molchi qurilmadan foydalanmagani uchun energiya sarflanmadi degan fikrda bo‘lishi tushunmovchilik holatlarini keltirib chiqarishi mumkin”, dedi Ravshan Mirsolihov.

Uning ta'kidlashicha, eski hisoblagichlarda aniqlik darajasi 5 foizgacha xatolik bilan ishlagan. Yangi hisoblagichlarda esa aniqlik darajasi 0,02 foizni tashkil etmoqda.

Ma'lumot uchun, hozirgacha respublikada 6 mln 900 mingdan ortiq hisoblagichlar o‘rnatilib, qariyb 5 millionga yaqini billing tizimiga ulangan.

Respublikada ASKUE tizimini joriy etish maqsadida 587 million AQSh dollariga teng loyiha amalga oshirilmoqda, ilk bosqichi Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirgan va buning uchun 150 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratilgan. Ushbu elektron hisoblagichlar Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar — “Elektron hisoblagich” QK va “Toshelektroapparat” MChJlar tomonidan yetkazib berilmoqda.

Top