23:19 / 28.05.2021
12620

Erdo‘g‘an Istanbulda yirikligi bo‘yicha uchinchi masjidni ochdi

28 may kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulning Taqsim maydonida barpo etilgan yangi masjidni ochib berdi. Uning ta'kidlashicha, Taqsim masjidi Turkiyaning eng yirik shahrida Chamlija va Ayo Sofiya masjidlaridan keyin kattaligi bo‘yicha uchinchi masjidga aylandi.

Erdo‘g‘an masjid ochilishida u «Istanbul zabt etilishining 568 yilligiga sovg‘a» bo‘lganini aytgan. Turkiya prezidentining Istanbulga tashrifi vaqtida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan va ko‘plab odamlar to‘plangani sababli yo‘llarda harakatlanish qisman to‘silgan.

Masjid ochilishida, shuningdek, vitse-prezident Fuat O‘ktay, madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy va hukmron partiya raisi o‘rinbosari Binali Yildirim ishtirok etgan.

Taqsim masjidi qurilishi 2017 yilda boshlangan. Erdo‘g‘an 1990-yillar boshida Istanbul meri lavozimini egallagan kezlardayoq ushbu masjidni qurishga va'da bergan. Masjid shaharning markaziy maydonlaridan birida, Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk haykali yonida qad ko‘tardi. Masjid ichki hovlisi bilan birga o‘z ichiga 2,5 ming kishini sig‘dira oladi.

Masjid qurilishiga qarshi chiquvchilar ham topilgan. Ularning fikricha, Turkiya aksariyat aholisi musulmon bo‘lishiga qaramay, birinchi navbatda dunyoviy davlat bo‘lib qolishi kerak. Shuningdek, masjid qurilishi uchun Taqsim maydonida Otaturk nomi bilan ataluvchi madaniy markaz binosi buzib tashlangani ham tanqid ostiga olingan.

Ta'kidlanishicha, 1997 yilda Turkiyaning o‘sha vaqtdagi harbiy qo‘mondonligi Taqsimda masjid qurilishiga norozilik bildirib, tarkibiga Erdo‘g‘an ham kirgan hukumatni iste'foga ketishga majbur qilgan.

Top