22:20 / 28.05.2021
6451

Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 may kuni ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va uy-joy fondini yangilash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Viloyat markazlari, shuningdek, Nukus, Chirchiq va Angren shaharlarida ayrim mavzelarni, tajriba tariqasida, malakali boshqaruv-servis kompaniyalariga berish zarurligi ta'kidlandi.

Ushbu kompaniyalar faoliyatini reyting asosida baholash joriy qilinadi. Xizmat ko‘rsatishi yaxshi bo‘lganlariga obekt soni ko‘paytirib beriladi. Barcha boshqaruv-servis kompaniyalarida 24 soat ishlaydigan buyurtma berish markazlari tashkil etiladi.

Yana bir muhim masala – ko‘p hollarda, shirkatlardagi qarzdorlik xizmatlar narxidagi nomutanosiblik tufayli kelib chiqardi. Endi, uy-joylarni saqlashning minimal xizmatlari va me'yorlarini mahalliy kengashlar aholi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi. Bunda, hududiy kommunal xizmat boshqarmasi tarif parametrlarini bandma-band asoslab, qiladigan ishlari va ko‘rsatadigan xizmatlari bo‘yicha rejalarini taqdimot qiladi.

Ijtimoiy reyestrga kirgan ehtiyojmand oilalarga uy-joylarni saqlashga majburiy to‘lovlar uchun subsidiya ajratiladi.

Axborot texnologiyalari va kommuni-katsiyalarini rivojlantirish vazirligiga shu yil 1 oktyabrdan boshlab majburiy to‘lovlarni billing tizimida amalga oshirish bo‘yicha yagona elektron platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Yangi qurilgan 3 mingta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tilib, ular uchun boshqaruv kompaniyalari tashkil qilish zarurligi ta'kidlandi.

«Insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo‘lmaydi. Mening eng katta tashvishim - loyiha sifatli emas. Agar qurilishda korrupsiya omillarini yo‘q qilib, iqtisod nuqtayi nazaridan xalqning puli nazoratini kuchaytirsak, natija boshqacha bo‘ladi», - dedi davlat rahbari.

Joriy yilda avariya holatidagi 212 ta ikki qavatli uylarni renovatsiya asosida yangidan qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda 456 ta avariya holatidagi ikki qavatli uylarni ta'mirlash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bundan tashqari, bu yil 2 ming 400 ta, kelgusi ikki yilda 4 ming 100 ta ko‘p kvartirali uylarni ta'mirlash kerak.

Top