13:52 / 28.05.2021
7922

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekistonga keldi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekistonga vazir Mixail Murashko boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi  tashrifi boshlandi. 

«Delegatsiya tarkibiga Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, shuningdek, akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun'iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sergey Gote va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti rektori Sergey Lukyanov kabi yuqori darajadagi mutaxassislar kirdi. 

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yuqori darajadagi muntazam uchrashuvlar bilan tavsiflanadi. Xususan, 2017 yilning aprel oyida mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga davlat tashrifi bilan bordi. Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, qator dolzarb xalqaro va mintaqaviy mavzular bo‘yicha fikr almashildi. Tashrif davomida hukumatlararo, idoralararo va korporativ hujjatlar to‘plami imzolandi. 2018 yilning oktyabrida esa Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan yurtimizga keldi.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyevning Rossiya Federatsiyasiga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida sog‘liqni saqlashning qator yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Transplantatsiya sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi. 

Imzolangan hamkorlik shartnomalari doirasida hozirda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tibbiyot xodimlari Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun'iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazida malaka oshirishni boshlashdi. 

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining tashrifi tibbiyotning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarni samarali bajarishni davom ettirish maqsadida amalga oshirilmoqda», deyiladi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Cog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev Murashko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

«A.Hojiboyev delegatsiya a'zolarini yurtimizga tashrif buyurgani bilan qutlar ekan, COVID-19 pandemiyasi paytida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini ta'kidladi. Ushbu davr mobaynida ikki davlatning tibbiyot sohasidagi mutaxassislari ishtirokida jami 200dan ortiq videokonferensiyalar, onlayn konsultatsiyalar, masofaviy seminarlar, veb-seminarlar va treninglar o‘tkazildi.

Shuningdek, Rossiya tibbiyot mutaxassislarining mamlakatimizga bir necha bor tashriflari uyushtirildi. Chet ellik mutaxassislar o‘z tashriflari davomida karantin choralarini yumshatish bo‘yicha tavsiyalar berishdi, COVID-19 bilan kasallanganlarni davolash protokollariga takliflar va mulohazalar bildirishdi, karantin zonalari va bemorlarni davolash uchun mo‘ljallangan shifoxonalarda bo‘lishdi, shuningdek, yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kurashishga jalb qilingan xodimlar uchun onlayn konsultatsiyalar o‘tkazishdi.

Bugungi kunda butun dunyoda, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyada ham aholi COVID-19ga qarshi emlanmoqda. «Sputnik V» vaksinasining birinchi partiyasi shu yilning aprel oyi oxirida mamlakatimizga yetkazib berildi.

Muloqot davomida aytilganidek, Rossiyada malakali professor-o‘qituvchilar mehnati, o‘quv dasturlarining turli tumanligi va iqtidorli talabalar uchun stipendiya dasturlari mavjudligi tufayli tibbiy ta'lim sifati dunyoda yuqori ko‘rsatkichlardan birini egallaydi. Shu sababli, Rossiya bilan barcha sohalar singari sog‘liqni saqlash va tibbiy ta'lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish alohida ahamiyatga ega. 

2019/2020 o‘quv yilida yurtimizning 9ta tibbiyot oliy o‘quv yurtlari Rossiya Federatsiyasining 12ta tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda qo‘shma ta'lim dasturlariga muvofiq bakalavriatning 6ta yo‘nalishi, magistraturaning 2ta mutaxassisligi va klinik ordinaturaning 11ta mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitishni boshladi. Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida I.M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti bilan universitetlararo hamkorlik markazi ochildi. 

Yurtimizda 2019-2020 yillarda 150dan ortiq rossiyalik mutaxassislar ishtirokida 36 konferensiya, 19 vebinar, 7 kongress tashkil qilindi. 

Faqatgina 2020 yilda Rossiya Federatsiyasining yetakchi tibbiyot va ta'lim muassasalaridan 80ga yaqin mutaxassislar yuqori texnologiyali tibbiyot sohasida mahorat darslarini o‘tkazish va namoyish etish uchun mamlakatimizga taklif qilindi. 2019-2020 yillar davomida Rossiya Federatsiyasining yetakchi klinikalari va tibbiyot markazlari hamda o‘quv muassasalarida 300ga yaqin mutaxassislarimiz malakasini oshirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar tibbiy ta'lim, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, onkogematologiya, jumladan, bolalar onkogemotologiyasi xizmati rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik, jamoat salomatligi kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.

Tibbiy ta'lim, fan va amaliyotni rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filialini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. 

Uchrashuv yakunida yurtimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. 

Bu esa O‘zbekistonda tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilashga xizmat qiladi», deyiladi vazirlik xabarida.

 

Top