21:33 / 28.05.2021
12955

«Real» Alabaning transferini e'lon qildi

«Bavariya»ning avstriyalik himoyachisi David Alaba «Real»ga o‘tdi. Futbolchi bilan 5 yillik shartnoma imzolangan.

Futbolchi Yevropa chempionatidan keyin klubning yangi futbolchisi sifatida taqdimot qilinadi.

Avvalroq Alaba va uning vakillari «Real»ga transfer amalga oshishi evaziga katta miqdorda bonus olishi xabar qilingandi. Agent Pini Zaxavi, futbolchining otasi Jorj Alaba va futbolchining o‘zi transferga rozilik bergani uchun 20 mln yevro olishi aytilgandi. Shu bilan birga, Alabaning yangi jamoasidagi yillik maoshi miqdori soliqlar chiqarib tashlangan holatda 10 mln yevroga teng bo‘ladi.

Alaba 12 yil davomida «Bavariya»da to‘p surdi. U bu klubda eng ko‘p vaqt o‘ynagan xorijlik futbolchi sifatida rekord qayd etgan.

Myunxenliklar klubi u erkin agent maqomida klubni tark etganini e'lon qilgan.

«Bavariya» safida Alaba 10 marta Germaniya chempioni bo‘lgan, olti marta – mamlakat Kubogini, besh marta – Superkubokni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, ushbu himoyachi Chempionlar ligasida, UYeFA Superkubogida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikki martadan g‘olib bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, «Real» bu yozda ikki markaziy himoyachisi bilan xayrlashishi kutilmoqda, Serxio Ramosning shartnomasi yakunlangan va tomonlar yangi shartnomaga kelishgani yo‘q, Rafael Varan esa keyingi yil erkin maqomida ketmasligi uchun bu yil sotuvga qo‘yilishi mumkin.

Top