22:39 / 29.05.2021
34767

3,6 mlrd dollarga qurilayotgan Uzbekistan GTL zavodi qachon ishga tushishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston davlat tashqi qarzining (21 mlrd dollar) 2,3 mlrd dollari Uzbekistan GTL zavodi qurilishiga yo‘naltirilgan. Loyihaning umumiy qiymati esa 3,6 mlrd dollarni tashkil etadi.

Albatta, bunday yirik mablag‘ va katta resurs sarflanayotgan majmua qachon ish boshlashi, energetika sanoati rivojiga qay darajada xizmat qilishi jamoatchilik e’tiboridagi masalalardan.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Elmira Bekmurodovaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hozirda loyihalashtirish jarayoni to‘liq yakunlangan hamda qurilish-montaj ishlari 92 foizga bajarildi.

«Qurilish ishlarini dekabr oyida yakunlash, joriy yilning iyul oyiga borib mahsulotlar ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan. Hozirda obektda 8 mingga yaqin ishchi-muhandis, 522ta maxsus texnika ishlamoqda.

2021 yil yanvarda xom suvni qayta ishlash qurilmalari — mineralsiz suv ishlab chiqarish hamda yong‘in o‘chiruv suv tizimi qismi ishga tushdi. Fevral oyida «Mash’ala» tizimi va bug‘ qozonlari foydalanishga topshirildi. Mart oyidan zavodga yonilg‘i gazi qabul qilish boshlandi. Shuningdek, aprel oyida suvni sovitish qurilmasi (gradirnya) ishga tushirildi», dedi vazirlik vakili.

Qayd etilishicha, zavod to‘liq ishga tushsa, yiliga 3,6 mlrd kub metr gaz qayta ishlanib, undan 1,5 mln tonna sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, 307,3 ming tonna aviakerosin, 724,6 ming tonna dizel yonilg‘isi, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi reja qilingan.

«Zavod ish boshlasa, 1 ming 321ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 7,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Davlat budjetiga 1,5 trln so‘m soliq to‘lanadi. Loyiha natijasida tabiiy gaz chuqur qayta ishlanadi, uglevodorodlar importi kamayadi, yuqori sifatli va ekologik toza yoqilg‘i uchun ichki talab qoniqtiriladi», deyiladi ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, maydoni 135 gektarni tashkil etuvchi zavod Qashqadaryo viloyatida qurilmoqda. Loyiha pudratchilari «Hyundai Engineering Co. Ltd», «Hyundai Engineering and Construction Co, Ltd» (Koreya) va «Enter Engineering Pte. Ltd». (Singapur) hisoblanadi. Zavod tabiiy gaz (tozalangan metan)ni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, mahsulot «Sho‘rtangaz» konlari guruhidan qazib chiqarilib, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasidan yetkazib beriladi. Zavod mahsulotlaridan transport, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya hamda neft va kimyo sanoatida foydalanish rejalashtirilgan.

Mahsulot asosan O‘zbekistonda sotiladi. Aytilishicha, loyiha tugallanib, sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish boshlanishi bilan yiliga taxminan 1 mlrd dollarlik uglevodorod importi o‘rnini bosish imkoni yaratiladi.

Top