19:07 / 29.05.2021
6485

Investor va premium investor vizasi – Avstraliya immigratsiya tizimi haqida (2 qism)

Foto: Wikipedia

Xabaringiz bor, bir necha kun ilgari UzbekLife kolumnistining Avstraliya immigratsiya tizimi haqidagi maqolasi e'lon qilingan edi. Bugun uning ikkinchi qismini e'tiboringizga havola qilamiz.

Tadbirkorlar va investorlar uchun Avstraliyaning biznes klassi

Avstraliyada o‘z biznesingizni boshlashni xohlaysizmi?

U holda sizga Biznes klass vizasi to‘g‘ri keladi. Rasman bu turdagi viza tadbirkorlar va investorlarga mo‘ljallangan bo‘lsa ham, undan nafaqadagilar ham foydalanishi mumkin.

Tadbirkorlar va investorlar o‘zlarining mamlakatidagi erishgan natijalari va aylanmalari bo‘yicha baholanadi. Shu sababdan ham siz biror tashkilotning (qisman) rahbari bo‘lishingiz yoki boshqaruv sohasida tajribangiz borligini isbotlashingiz kerak. Bunday talablar qaysi vizaga ariza topshirishingizga qarab farqlanadi.

Doimiy vizaga ariza topshirayotganda 2 bosqichli jarayondan o‘tasiz. Birinchisida, vaqtinchalik vizaga ariza beriladi. Bu viza 4 yil amal qiladi. Avstraliyadagi joylashuv aniq bo‘lgach, vaqtinchalik viza doimiyga aylantiriladi.

Biznes klassdagi subkategoriyalar

Biznes innovatsiya va investitsiya oqimi

Bu kategoriyadagi viza dastlab vaqtincha yashash uchun olinadi. U 4 yil-u 3 oy amal qiladi. Keyin doimiy vizaga ariza topshirish mumkin. Bu vizaning o‘zi yana 5 ta subkategoriyaga bo‘linadi.

 Biznes innovatsiya oqimi

Ushbu oqim tadbirkorlik qobiliyatiga ega, okeanortida yangi biznes ochishga tayyor yoki mavjud tashkilotni boshqarish va rivojlantirishni istagan kishilarga to‘g‘ri keladi. Bunda siz Shtat nomzodi sifatida tanlanishingiz kerak. Shuning uchun quyidagi talablarga javob berishingiz kerak:

‒ 55 yoshdan kichik bo‘lishingiz;

‒ Profilingizga ko‘ra, testdan 65 ball to‘plashingiz;

‒ So‘nggi 4 yilning kamida 2 yilida pul aylanmangiz kamida 500 ming Avstraliya dollarini tashkil etgan bo‘lishi;

‒ Biror tashkilot egasi bo‘lishingiz va unda kamida 30 foiz ulushingiz bo‘lishi;

‒ Shaxsiy moliyaviy aktivlaringiz kamida 800 ming Avstraliya dollarini tashkil etishi kerak.

Tadbirkor oqimi

Uchinchi tomon kelishuviga ega bo‘lgan nomzodlar uchun tadbirkorlar oqimi ishlab chiqilgan. Ya'ni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun kamida 200 ming Avstraliya dollarilik kelishuv mavjud bo‘lishi kerak. Bu o‘z ichiga Avstraliyada mahsulot yoki xizmatni tijoratlashtirishni boshqarish va tashkilotni rivojlantirishni olishi mumkin. Bundan tashqari, ingliz tilini yaxshi bilish va Shtat nomzodi talablaridan o‘tish kerak bo‘ladi.

Investor oqimi

Agar siz Avstraliya fondiga minimal 1,5 million Avstraliya dollari miqdorida sarmoya kirita olsangiz, ushbu subkategoriya orqali viza olishingiz mumkin. Ushbu kategoriyada siz Avstraliya shtati yoki hududi tomonidan ham tavsiya olishingiz kerak.

 Muhim investor oqimi

Nomidan ko‘rinib turibdiki, muhim investorlar oqimi katta sarmoya kiritishga qodir odamlar uchundir. Gap kamida 5 million Avstraliya dollari miqdori haqida ketyapti. Yuqorida sanab o‘tilgan subkategoriyalar singari Shtat tavsiyasi majburiydir.

Premium investor oqimi

Bu turdagi viza kamida 15 million Avstraliya dollari miqdorida sarmoya kiritishga tayyor shaxslar uchun mo‘ljallangan.

Avstraliyaga sayohat qiling

Sayyohlik vizasi

Ta'tilni Avstraliyada o‘tkazish, oilangiz yoki do‘stlaringizni ko‘rish yoki Avstraliyaga biznes yuzasidan safar qilishingiz kerak bo‘lsa, sizga ushbu turdagi viza kerak bo‘ladi.

Sayyohlik vizasi turlari

 eVisitor

eVisitor vizasi Avstraliyada 3 oy qolishingizga imkon beradi. Bu viza bilan qit'a bo‘ylab sayohat qilishingiz yoki 3 oylik kursda qatnashishingiz mumkin. Ammo ishlash taqiqlanadi. Biroq ayrim hollarda ko‘ngilli ishlarda qatnashishingiz mumkin.

Shuningdek, ushbu viza Avstraliyaga biznes maqsadida sayohat qilish uchun zarur bo‘lgan odamlarga ham qo‘l keladi. Faqat shu holatda sizga umumiy biznes yoki ish bilan bog‘liq suhbatlarni o‘tkazishingizga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, siz ish sharoitini o‘rganishingiz, muzokaralar olib borishingiz, shartnomalarni imzolashingiz, konferensiyalarda qatnashishingiz mumkin.

eVisitor vizasiga ariza berish ko‘p vaqtni talab qilmaydi, lekin o‘z vaqtida boshlash tavsiya etiladi. Kutilmagan holatlar kechikishga olib kelishi mumkin.

Sayyohlik vizasi

Avstraliyada 3 oydan ortiq qolishni xohlasangiz, 6 yoki 12 oylik vizalarga ariza topshirishingiz mumkin. Bunda ham ishlash taqiqlanadi. O‘qimoqchi bo‘lsangiz, kursning davomiyligi 3 oydan oshmasligi kerak.

Bu turdagi vizaga Avstraliyaga bir necha marta kirib-chiqish sharti bilan ham ariza topshirishingiz mumkin.

Ishla va sayohat qil

Agar 31 yoshdan kichik bo‘lsangiz va Avstraliya qolgan vaqtingiz ishlashni niyat qilayotgan bo‘lsangiz, ta'tilda ishlash vizasi siz uchun qiziq bo‘lishi mumkin.

Ta'tilda ishlash vizasi

18-31 yoshli shaxslar Avstraliyada 12 oy davomida “Ta'tilda ishlash vizasi”ga ariza topshirishi mumkin. Siz nafaqat butun Avstraliyani aylanib chiqishingiz, balki haq to‘lanadigan ishda ishlashingiz mumkin. Faqat bir shart bilan: agar Avstraliya immigratsiyasidan ruxsatingiz bo‘lmasa, bitta ish beruvchiga 6 oydan ortiq ishlay olmaysiz. Ammo 4 oygacha o‘qishingiz mumkin.

Avstraliyada stajirovka va o‘qish Avstraliyada o‘qish

Nafaqat oliy o‘quv yurtida o‘qish, balki biror kursni tamomlash uchun ham ushbu vizani olishingiz mumkin. Bolalar 6 yoshdan boshlab Avstraliyada boshlang‘ich ta'limni olish uchun vizaga ariza berishi mumkin.

Vizaga hujjat topshirishdan avval, kursga yoki o‘qishga qabul qilingan bo‘lishingiz kerak. Talaba vizasi Avstraliyada o‘qishni bitirguningizcha, odatda 5 yil qolishingizga ruxsat beradi. O‘qishga kirganingiz haqidagi hujjatdan tashqari, moliyaviy imkoniyatingiz ham xavfsiz ekanini ko‘rsatishingiz lozim.

Talaba vizasi bilan 2 haftada 40 soatgacha ishlashingiz mumkin (magistratura va doktorantura talabalari uchun soatlar farq qiladi).

Bu viza bilan oila a'zolaringizni ham Avstraliyaga olib ketishingiz mumkin.

Avstraliyada stajirovka

Trening vizasi

Bu viza o‘z sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini ish joyida amaliyot o‘tash orqali kuchaytirmoqchi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, kasbiy malakasini oshirish istagida bo‘lganlar ham mazkur vizaga ariza topshirishi mumkin.

Buning uchun Avstraliyada homiyingiz bo‘lishi kerak. Nomzod, uning sohasi va Avstraliyadagi tashkilot nazoratidan o‘tadi. Nomzodlar 18 yoshdan oshgan bo‘lishi kerak.

Vaqtincha mashg‘ulot vizasi

Avstraliyadagi tashkilotning taklifiga ko‘ra tadqiqotda qatnashishni reja qilganlar ushbu vizani olishi mumkin. Davomiyligi 12 oy.

Ziyodaxon G‘ulomova,
Uzbeklife kolumnisti

Mavzuga oid
Top