15:23 / 30.05.2021
15517

Davlat qarzi kamayishi, koronavirusga tikilgan milliardlar, 3 foizga o‘sgan YaIM – haftaning «pulli» xabarlari

Kun.uz yakunlangan haftada O‘zbekiston iqtisodiyotida sodir bo‘lgan yangiliklarni to‘pladi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlariga eksporti 21 foizga o‘sdi

2021 yilning 4 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Markaziy Osiyo davlatlaridan import hajmi 25 foizga, eksport esa 21 foizga o‘sdi.

4 oyda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 1,8 milliard dollar bo‘lgan.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan eng yirik savdo aylanmasi (69 foiz) Qozog‘iston bilan amalga oshirilgan.

Birinchi chorakda YaIM 3 foizga o‘sdi

2021 yilning yanvar-mart oylarida respublika iqtisodiyoti 2020 yilning mos davriga nisbatan 3 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 128,6 trln so‘mni tashkil etdi.

Xususan, iqtisodiy o‘sish sanoatda 3,8 foizga, qurilishda 0,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 3,1 foizga hamda xizmatlar ko‘rsatish sohasida 2,8 foizga o‘sishi ta'minlangan.

Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston davlat qarzi kamaydi

Joriy yil yanvar-mart oylarida davlat qarzi 133,7 mln dollarga kamaydi.

O‘tgan oy avvalida davlat qarzi miqdori 23,2 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 40,1 foizni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan 133,7 mln dollarga kamaydi.

Koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga 7,7 mlrd dollar xarajat qilindi

O‘tgan yili pandemiyaga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish tadbirlariga sarflangan xarajatlar miqdori O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotiga nisbatan qariyb 13,3 foizni tashkil etdi. Bu mablag‘ miqdori 7,7 milliard dollar.

Xarajatlarning 13,8 trln so‘mi davlat budjeti hisobidan, shundan 12,8 trln so‘mi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan, 3,3 trln so‘mi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

DSQ raisi soliq tushumlari oshgani soliq yuki oshgani bilan bog‘liqligini rad etdi

O‘zbekistonda soliq tushumlari 30 foizga oshgani soliq yuki oshganidan darak bermaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiy o‘sish sur'atlariga qaraganda yuqoriroq bo‘layotgani qo‘mita soliq ma'murchiligini yaxshi amalga oshirayotgani va avval yashirin iqtisodiyotda bo‘lgan aylanmaning legallashtirilishi bilan bog‘liqligini ma'lum qildi.

Uylarni ta'mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining yashash sharoitini yaxshilash, turar joylarni ta'mirlash ishlari bo‘yicha videoselektorda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida uylarni ta'mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etilishi haqida gapirdi.

Shuningdek, joriy yilda 456ta avariya holatidagi uylarni ta'mirlash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bunga Moliya vazirligi 100 milliard so‘m, mahalliy hokimliklar 60 milliard so‘m ajratadi.

Mavzuga oid
Top