07:50 / 31.05.2021
5157

Banklarda ichki audit qanday o‘tkazilishi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Tijorat banklarining ichki auditiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Ushbu nizomni ishlab chiqish jarayonida «Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining Banklarda ichki auditga oid tamoyillari» va Ichki auditorlar institutining «Ichki auditning xalqaro kasbga oid standartlari», shuningdek milliy bank tizimining o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda xorijiy davlatlar tajribalari o‘rganib chiqildi.

Mazkur nizomda banklarda tavakkalchiliklarga yo‘naltirilgan ichki auditni tashkil etish maqsadida auditorlik tekshiruvlarini rejalashtirish va o‘tkazishda bankning risk-profili, shu jumladan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimining holati va yirik tavakkalchiliklar hisobga olinishi lozimligi nazarda tutilgan.

Mustaqillik va xolislik tamoyiliga muvofiq ichki audit xizmati xodimidan auditorlik tekshiruvi paytida nizolar chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, bank faoliyatidagi kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish va bank faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish talab etiladi.

Bundan tashqari, tijorat banklarida korporativ boshqaruv standartlariga muvofiq mustaqil tarkibiy bo‘linma sifatida ichki audit xizmati faoliyatini tashkil etish uchun bank auditi bo‘yicha boshqarma va qo‘mitaning hamda kuzatuv kengashining funksiyalari va majburiyatlari batafsil belgilandi.

Shuningdek, Markaziy bank va bankning ichki audit xizmati o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning samaradorligini ta'minlash maqsadida ushbu nizomga alohida normalar kiritildi.

Yangi nizom kuchga kirishi bilan 6 ta normativ-huquqiy hujjat o‘z kuchini yo‘qotadi.

Tijorat banklarining ichki auditiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizom 8.08.2021 yildan kuchga kiradi.

Mavzuga oid
Top