20:24 / 31.05.2021
8904

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev buxorolik yoshlar bilan uchrashdi

2021 yil 31 may kuni “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning Buxoro viloyati Romitan tumanidagi yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Uchrashuvda Mehriddin Abdullayev mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining negizi yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish orqali yoshlarning bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.

– Fursatdan foydalanib, epidemiyaning murakkab sharoitlarida ham qat’iyat, sabr-toqat, o‘rganishga, yangi bilimlarni o‘zlashtirishga tayyorligingiz uchun sizlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman, – dedi “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev. – Yoshlarning bandligini ta’minlash davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. O‘ylanmanki, bu borada o‘tgan yili tuman hududida barpo etilgan yangi sanoat ishlab chiqarish obekti, ya’ni “Gazli” gazni qayta ishlash zavodining ishga tushirilishi hudud yoshlarini ish bilan ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shdi.

Uchrashuvda ishtirokchi yoshlarga tizimdagi korxonalar ehtiyoji uchun yuqori salohiyatga ega, chet tillarini mukammal biladigan yoshlar uchun belgilab olingan chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi. Jumladan, “IELs” sertifikatiga ega bo‘lgan maktab bitiruvchilari kelgusida oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma (kontrakt) asosida ta’lim olgan taqdirda ularning to‘lov-shartnoma (kontrakt) mablag‘lari “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tizim korxonalarida ishlab berish sharti bilan qoplab berilishi, oliy o‘quv yurtini tugallaganidan so‘ng doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi.

Uchrashuv davomida tumanda yoshlarni tizimdagi korxonalar ehtiyoji uchun mutaxassis kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari qabul jarayonlari, neft-gaz korxonalariga ishga joylashish va boshqa yo‘nalishlarda bir qancha taklif va murojaatlar kelib tushdi.

Shuningdek, yoshlarning axborot texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi Raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan Romitan tumanidagi yoshlarga kompyuter jamlanmalari, ilm-fan, san’at, sport, madaniyat sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan, shuningdek “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oila farzandlariga tikuv mashinalari, velosiped, sport anjomlari va boshqa turdagi sovg‘alar topshirildi.

Uchrashuv kun tartibidagi masalalar yuzasidan bildirilgan fikr va mulohazalarni inobatga olib, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Romitan tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda vakant ish o‘rinlari ehtiyoji uchun oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga ma’lum qilgan holda tanlov o‘tkazilishiga qaror qilindi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamda tumandagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘zbek jang san’ati yo‘nalishi qatnashchilarining 6 nafarini 2021 yil noyabrda Turkiya Respublikasida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada qatnashish xarajatlari qoplab beriladigan bo‘ldi.

Uchrashuv doirasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlarda madaniyat, adabiyot, san’atga qiziquvchan yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. Ular sportning kurash, shashka-shaxmat kabi bir qator yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashishdi.

Fotolavhalar:

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top