20:22 / 01.06.2021
8884

APLda mavsumning eng yaxshilari bo‘lish uchun nomzodlar e'lon qilindi

Angliya premer-ligasida mavsumning eng yaxshilarini aniqlash uchun ovoz berish jarayoni boshlandi.

Angliya Premer-ligasi o‘z saytida yakunlangan mavsumning eng yaxshi futbolchisi, eng yaxshi murabbiy, eng yaxshi yosh futbolchi va eng chiroyli gol mualliflarini aniqlash uchun nomzodlar ro‘yxatini e'lon qildi.

Mavsumning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan sovrin uchun Kevin De Bryuyne, Ruben Diash (ikkisi — «Manchester Siti»), Brunu Fernandesh («Manchester Yunayted»), Jyek Grilish («Aston Villa»), Harri Keyn («Tottenhem Hotspur»), Meyson Maunt («Chelsi»), Muhammad Saloh («Liverpul») va Tomash Souchek («Vest Hem Yunayted») kurash olib boradi. 

Mavsumning eng yaxshi bosh murabbiyi bo‘lish uchun nomzodlar qatorida Marselo Belsa («Lids Yunayted»), Xosep Gvardiola («Manchester Siti»), Devid Moyyes («Vest Hem Yunayted»), Brendan Rodjyers («Lester Siti») va Ole-Gunnar Sulsher («Manchester Yunayted») nomlari keltirilgan.

«Chelsi» bilan YeChL g‘olibi bo‘lgan Tomas Tuxel (u mavsum o‘rtasida Frenk Lempard o‘rniga tayinlangandi) hamda o‘tgan mavsumda «Liverpul» bilan chempion bo‘lib, bu mavsumda sovrinsiz qolgan Yurgen Klopp (mersisaydliklar bu mavsumda uchinchi o‘rinni egallashdi) nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmadi. Chempionatni Belsa murabbiyligidagi «Lids» to‘qqizinchi, Moyyesning «Vest Hem»i oltinchi, Rodjyers boshqaruvidagi «Lester» beshinchi o‘rinda yakunladi.

Mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lishga da'vogarlar: Fil Foden, Ruben Diash (ikkisi – «Manchester Siti»), Markus Reshford («Manchester Yunayted»), Meyson Maunt («Chelsi»), Illan Mele («Lids»), Domenek Kelvert-Lyuin («Everton»), Bukayo Saka («Arsenal»), Deklan Rays («Vest Hem»).

Bungacha Ruben Diash jurnalistlar talqiniga ko‘ra mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgandi.

Mavsumning eng chiroyli goli muallifi bo‘lish uchun da'vogarlar: «Lester» yarimhimoyachisi Meddison («Siti»ga 27 sentyabrda urilgan), «Vest Hem» yarimhimoyachisi Lansini («Tottenhem»ga 18 oktyabrda urilgan), «Fulhem» futbolchisi Ayna («Vest Brom»ga 2 noyabrda urilgan), «Vest Hem» sobiq hujumchisi Sebastyan Aller («Kristal Pelas»ga 16 dekabrda urilgan), «Liverpul» hujumchisi Saloh («Vest Hem»ga 31 yanvarda urilgan), «MYu» yarimhimoyachisi Fernandesh («Everton»ga 6 fevralda urilgan), «Tottenhem» hujumchisi Erik Lamela («Arsenal»ga 14 martda urilgan), «Vest Hem» hujumchisi Lingard («Vulverhempton»ga 5 aprelda urilgan) va «MYu» hujumchisi Kavani («Fulhem»ga 18 mayda urilgan).

Eslatib o‘tamiz, 2020/2021 yilgi mavsumda «Manchester Siti» chempion bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarda «Manchester Yunayted», «Liverpul» va «Chelsi» joylashdi. Mavsumning eng yaxshi to‘purari bu poygada so‘nggi turdagi goli evaziga Salohni ortda qoldirgan Keyn bo‘ldi. U eng ko‘p golli uzatmalar berish borasida ham birinchi bo‘ldi, «Tottenhem» yetakchisi bu borada De Bryuyne, Fernandesh va Grilishni ortda qoldirdi.

Top