21:57 / 01.06.2021
17496

«Ayritom» chegara bojxona postida raqamli majmualar ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanidagi «Ayritom» chegara bojxona postini borib ko‘rdi.

Ma'lumki, bu inshoot O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi yagona o‘tkazish punktidir. Mamlakatimizning Afg‘oniston, umuman, Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalari jadal rivojlanmoqda. Mazkur bojxona posti shunga yarasha zamonaviy qilib qayta qurildi. O‘zbekistondan chiqish va Afg‘oniston tomondan yurtimizga kirish yo‘nalishida pasport nazorati va bojxona ko‘rigi zallari barpo etildi.

Davlat rahbari ushbu yangi majmualarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Chegara bojxona posti «Raqamli O‘zbekiston - 2030» dasturi doirasida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Masalan, «Z-Portal» rusumli ko‘rik majmuasi avtotransport vositalarini uch tomondan suratga olish salohiyatiga ega. Shuningdek, unda radiatsiya miqdori minimal bo‘lib, haydovchi mashinadan  tushmasdan xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bu bir soatda 200 tagacha avtotransportni o‘tkazish imkonini beradi. Yurtimizdagi boshqa bojxona postlarida bunday quvvat soatiga 20 ta. Umuman, chegara bojxona postida bir kecha-kunduzda 2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi mumkin.

«Bugungi hayotimizga bu ma'qul. Lekin dunyo soat sayin o‘zgarmoqda. Endi yangi pog‘onaga chiqish kerak. Bu yerda situatsion markaz bilan birga tahlil markazi ham bo‘lishi zarur. Iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha yangi takliflar berib borish kerak», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir o‘ziga xos jihati, «Ayritom»da biryo‘la uch xil - poyezd, avtotransport va fuqarolarga xizmat ko‘rsatiladi. Shu bois, o‘tkazuvchanlikni tezlashtirish va foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida yagona darcha tamoyili joriy etilgan. Xavfsizlikni ta'minlash uchun «Adani» va «Rapiscan» rusumli qurilmalar, videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan.

Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

Top