11:11 / 01.06.2021
11176

Yaponiyaga ilk olimpiyachilar yetib keldi

Foto: AP

Softbol bo‘yicha Avstraliya ayollar terma jamoasi Tokio Olimpiadasi oldidan yig‘in o‘tkazish uchun Yaponiyaga yetib keldi. Ular Kunchiqar mamlakatga kelgan ilk olimpiyachilar bo‘ldi.

Kyodo axborot agentligining xabar berishicha, terma jamoa samolyoti Narita xalqaro aeroportiga qo‘ngan. 30 kishidan iborat jamoaning barcha a'zolari koronavirusga qarshi emlangan. Ular mehmonxonada 3 kun o‘tkazgach, 5 iyundan mashg‘ulotlarni boshlashadi. Avstraliyalik sportchilar bazasi Gumma prefekturasining Ota shahrida joylashgan. Terma jamoa bu yerda O‘yinlarga tayyorgarlik doirasida 12ta uchrashuv o‘tkazadi.

Aprelda Tokio Olimpiadasi tashkilotchilari sportchilar va ular bilan aloqada bo‘ladigan kishilar har kun koronavirusga test topshirishlari haqidagi kelishuvga erishgandi. Olimpiadaning qolgan ishtirokchilari esa Yaponiyaga kelgandan keyin 3 kun davomida har kun test topshiradi. So‘ngra testlar o‘tkazilishi davriyligi vaziyatga qarab belgilanadi.

2020 yilda o‘tishi kerak bo‘lgan Tokio Olimpiadasi pandemiya sababli 2021 yilga ko‘chirilgandi. O‘yinlar 23 iyulda boshlanib, 8 avgustga qadar davom etadi. 20 mart kuni Olimpiada tashkilotchilari O‘yinlar xorijiy muxlislarsiz o‘tishiga qaror qilgandi. Yaponiyalik muxlislarning Olimpiadaga qo‘yilishi esa mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib iyun oyida qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top