17:23 / 02.06.2021
9439

Biokimyoviy laboratoriyalar tahdidi: ular qanchalik nazorat qilinmoqda?

Nazorat qilish imkonsiz bo‘lgan virus bir yarim yil ichida dunyo bo‘ylab qariyb 172 million odamga yuqdi va millionlab odamlar o‘limiga sabab bo‘ldi. Koronavirusning kelib chiqishidan qat'i nazar, ushbu hodisalar bioxavfsizlik va biologik tahdidlarga qarshi kurash masalasini dunyo kun tartibiga olib chiqdi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Covid-19 dunyoda 3,5 million kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari haqiqiy ko‘rsatkich kamida 8 million bo‘lishi mumkin, deb hisoblashmoqda.

AQSh ma'muriyati koronavirusning dastlabki manbasini tekshirish bo‘yicha yangi tashabbus boshlaganini e'lon qildi. Shu nuqtayi nazardan, virus Xitoyning Uhan shahridagi laboratoriyadan tasodifan chiqib ketganmi yoki yo‘qmi degan savol yana bir bor tekshiriladi.

Yil boshida JSST tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ushbu ehtimol «juda zaif» degan xulosaga kelingandi. Ammo o‘limvor virusning laboratoriyadan sizib chiqish ehtimoli hamisha mavjud.

Shu munosabat bilan, biologik urush bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan biri G7 guruhiga kiruvchi rivojlangan mamlakatlarni bu boradagi choralarni kuchaytirish kerakligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, nazorati past bo‘lgan laboratoriyalar terroristik hujumlarni amalga oshirishni istaganlar uchun nishon bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

Polkovnik Hemish de Bretton-Gordon – Britaniyaning kimyoviy, biologik, va yadroviy urush bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan sobiq harbiy. Keyinchalik u akademik hayoti davomida Iroq, Suriyada olib borilgan kimyoviy va biologik urushlarning ta'sirini o‘rgangan.

«Afsuski, men hayotimning ko‘p qismini nazoratdan chiqib ketgan hukumatlar boshqalarga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan joylarda o‘tkazdim. Menimcha, ushbu turdagi (kimyoviy-biologik) qurollar ustida ish olib boruvchi laboratoriyalar terrorchilar va boshqalar uchun ochiq va qulay nishondir, bizning vazifamiz buni ular uchun imkon qadar qiyinroq qilish», deydi u.

Nazorat qay darajada kuchli?

Xavfli viruslar ishlab chiqariladigan va virusologik tadqiqot olib boriluvchi laboratoriyalar ustidagi xalqaro nazorat xavotirlanarli darajada sust.

Kasalliklarni keltirib chiqaradigan turli mikroblar ustida tadqiqot olib boruvchi laboratoriyalar tekshirilayotgan patogenlarning potensial xavfiga qarab 1dan 4gacha tasniflanadi.

Dunyoda eng xavfli daraja – 4-toifaga kiruvchi 50dan ortiq laboratoriya mavjud. Ulardan biri – Britaniyaning eng maxfiy biologik va kimyoviy tadqiqot laboratoriyasi joylashgan Solsberi yaqinidagi Porton-Daun.

Porton-Daun xavfsizlik nuqtayi nazaridan «oltin standart»ga ega deb aytiladi. 4-toifadagi laboratoriyalar ko‘pincha qattiq nazorat qilinadi. Ammo 3-toifadagi laboratoriyalar soni ko‘p bo‘lsa-da, ular nisbatan kam tekshiriladi. Polkovnik de Bretton-Gordonning aytishicha, dunyoda ushbu toifaga kiradigan 3 mingdan ortiq laboratoriya mavjud.

Ularning aksariyati tibbiy tadqiqotlar olib boradi, shuningdek, Covid-19 kabi viruslar ustida tajribalar o‘tkazish mumkin.

Eron, Suriya va Shimoliy Koreya kabi dunyo shubha bilan qaraydigan mamlakatlarda ham bunday laboratoriyalar mavjud.

Kimyoviy qurollar qanday nazorat qilinadi?

Kimyoviy qurollar nazorati biologik tahdidlarga qaraganda ancha yaxshi tartibga solingan.

Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (OPCW) 1997 yilda Kimyoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiya asosida tashkil etilgan va hozirgi kunda 193 mamlakat ushbu tashkilotga a'zo hisoblanadi. Tashkilot kimyoviy qurollarni noqonuniy tadqiq qilishning oldini olish uchun o‘z a'zolarini de-fakto tekshirish huquqiga ega.

Suriyadagi voqealar ko‘rsatib turibdiki, kimyoviy qurol ishlab chiqarish va ishlatilishining har doim ham oldini olib bo‘lmaydi, ammo OPCW faol va samarali tashkilot.

Ta'kidlash joizki, biologik qurollarni tadqiq qilish nazorati u qadar qattiq emas. Biologik va toksik moddalarni qurol sifatida ishlatishni taqiqlovchi Biologik qurollar to‘g‘risidagi konvensiya (BWC) 1975 yilda kuchga kirgan. Ammo ushbu konvensiyani imzolagan davlatlar soni nisbatan kam va a'zolar to‘liq qabul qilishi mumkin bo‘lgan nazorat usuli bo‘yicha hech qachon kelishuv bo‘lmagan.

Polkovnik de Bretton-Gordon dunyodagi biologik tadqiqotlar markazlari tomonidan tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xavf G7 sammitining iyun oyidagi kun tartibiga kirishiga umid qilmoqda va shu maqsadda Buyuk Britaniya hukumatini lobbi qilmoqda. Uni ushbu faoliyatda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq rahbari, iste'fodagi general Devid Patreus ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

«Menimcha, har bir AQSh prezidenti bunday taklifni qo‘llab-quvvatlashni xohlaydi. Dunyo rahbarlari bu borada oldinga qadam tashlashi kerak. Shimoliy Koreya singari ba'zi davlatlar o‘z sabablarini ro‘kach qilib, qarshi chiqishlari mumkin, ammo nazarimda, dunyo rahbarlarining aksariyati bu qadam tashlanishini xohlaydi», deydi Patreus.

Mamlakatlar o‘nlab yillar davomida yadro qurollari nazoratiga e'tibor qaratdi, keyin esa kimyoviy qurollardan foydalanish va ishlab chiqarishni to‘xtatishga harakat qildi. Ammo kimyoviy qurollar ko‘plab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Misol tariqasida 1988 yilda Iroqdagi kurdlarga qarshi ishlatilgan qurollarni, shuningdek, Suriyadagi fuqarolik urushlarida qo‘llangan qurollarni keltirish mumkin.

Ammo koronavirus tufayli 8 million odam o‘lgan bo‘lishi mumkinligini hisobga olsak, soni 3 mingdan oshgan va yaxshi nazorat qilinmaydigan laboratoriyalardan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ulkan biologik tahdidning ko‘lami naqadar katta va tahlikali bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.

Top