16:19 / 03.06.2021
31339

Jarohatlar va raqobat. Yevropa chempionatiga bormaydigan yulduzlar termasi

Yevro-2020 ishtirokchilari bo‘lgan milliy jamoalar murabbiylari yakuniy tarkiblarni e'lon qilmoqda, turnirda qatnasha olmasligi aniq bo‘lgan yulduzlarning o‘zidan bir jamoa tuzish mumkin.

Mark-Andre ter Shtegen, Germaniya

Ispaniya chempionatining 37-turida «Selta»ga qarshi kechgan o‘yindan keyin «Barselona» darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen Instagram orqali Yevro-2020 turnirini o‘tkazib yuborishini ma'lum qildi:

«Klub tibbiy shtabi bilan birga tizzamda yana bir jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga qaror qildik. Yevro-2020ni o‘tkazib yuborishim alamli. Ko‘p yillardan buyon ilk marta terma jamoaga uyda o‘tirib muxlislik qilaman. Umid qilamanki, biz turnirda g‘olib bo‘lamiz! Yana umid qilamanki, yangi mavsumda muxlislar qarshisida o‘ynaymiz, men ularni juda sog‘indim! Bu qiyin mavsumda qo‘llab-quvvatlab turganingiz uchun rahmat, o‘zingizni ehtiyot qiling!»

Aaron Uan-Bissaka, Angliya

Aaron Uan-Bissakaning Angliya terma jamoasi bilan munosabatlari so‘nggi yillarda ko‘plab ingliz muxlislari uchun sirli bo‘lib qolmoqda. «Manchester Yunayted»ning o‘ng qanot himoyachisi va o‘z pozitsiyasida APLning eng kuchli futbolchisi milliy jamoa safida hali birorta o‘yinda ishtirok etmagan.

Undan tashqari, Uan-Bissaka Garet Sautgeyt davrida biror marta yig‘inlarga chaqiruv olmagan. Bosh murabbiy Trent Aleksandr-Arnold, Ris Jyeyms, Kayl Uoker va Kiran Tripper kabi futbolchilarga ishonch bildirib keladi. «Manchester Yunayted» futbolchisi esa o‘z tarixiy vatani — Kongo Demokratik Respublikasi uchun o‘ynash haqida o‘ylay boshlagandi. Uan-Bissaka Yevro-2020 uchun tarkibga ham kiritilmadi, agar u kelajagini Angliya terma jamoasida ko‘rayotgan bo‘lsa, jamoa turnirda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi va Sautgeytning iste'foga chiqarilishini kutishi kerak bo‘ladi.

Hans Hatebur, Niderlandiya

«Atalanta»ning o‘ng qanot himoyachisi bo‘lgan Hatebur Niderlandiya termasida uch yil muqaddam debyut qilgan, faqat 2020 yilga kelib tarkibdan muqim o‘rin egallagandi. O‘tgan yil kuzida milliy jamoaning 11 o‘yinidan sakkiztasida Hatebur ishtirok etgan. Ushbu lateral so‘nggi yig‘inni to‘piq suyagidagi jarohat tufayli o‘tkazib yuboradi. Shu sabab bilan u «Atalanta» safida uch oy o‘ynay olmaydi. Mavsum oxiriga kelibgina safga qaytgan Hatebur Yevro-2020 uchun chaqiriq olmadi.

Serxio Ramos va Dani Karvaxal, Ispaniya

Ispaniya terma jamoasining zayavkasi Madridning «Real» klubidan birorta vakil yo‘qligi bilan barchani hayratga soldi. «Barselona»ning sobiq bosh murabbiyi hisoblangan, so‘nggi yillarda Ispaniya termasiga ustozlik qilib kelayotgan Luis Enrike jurnalistlar qarshisida bu qarorini izohlashga majbur bo‘ldi.

«Agar Karvaxal va Ramos tayyor bo‘lganida, ularni ro‘yxatga kiritgan bo‘lardim. Men har bir klub o‘z futbolchilari terma jamoaga chaqirilishini istashini tushunaman, klublar taqvim tufayli ham futbolchilarini chaqirmaslikni so‘raydigan holatlar bo‘ladi. Bu futbolchilar esa jarohat sababli tarkibda emas», — degan Luis Enrike.

OAVdagi xabarlarga ko‘ra, yakunlangan mavsumda jarohatlar tufayli o‘ynay olmagan Ramosning o‘zi Enrikedan o‘zini turnirga olib ketmaslikni so‘ragan, uning o‘rniga yaqinda Ispaniya fuqaroligini olgan «Siti» futbolchisi Laporta tarkibga jalb etilgan.

Karvaxal ham «Chelsi»ga qarshi birinchi yarim final o‘yinida mushaklarini jarohatlab oldi va kamida iyulga qadar safdan chiqdi. Ushbu ispaniyalik o‘tgan safargi Yevropa chempionatini ham jarohatlar tufayli o‘tkazib yuborgandi.

Virjiyl van Deyk, Niderlandiya

Niderlandiya terma jamoasi sardori mavsumni juda erta yakunladi. APLning 5-turi doirasida «Everton»ga qarshi kechgan mersisayd derbisining (2:2) 11-daqiqasida van Deyk «irislar» darvozaboni Jordan Pikford bilan to‘qnashadi. Pikford yengil shikastlanish bilan qutulib qoladi, «Liverpul»ning niderland himoyachisining esa tizza qismidagi xochsimon paylari uzilib ketadi. Van Deyk 17 oktyabrdan keyin maydonga tushmadi va uning qaytishini faqat yangi mavsumda kutish mumkin.

Dayo Upamekano, Fransiya

Germaniya chempionatidagi o‘yinlari bilan ko‘zga tushgach «Bavariya» safiga qo‘shib olingan Dayo Upamekano ham Yevro-2020ga bormaydi. Ushbu 22 yoshli fransuz himoyachi o‘tgan yilning sentyabrida asosiy jamoa safida debyut qilgan va ikkinchi o‘yinidayoq gol urgandi. Markaziy himoya vakili bo‘lgan futbolchi Millatlar ligasi doirasidagi o‘yinda Xorvatiya darvozasini ishg‘ol qilgandi (4:2). Ammo Fransiya termasida raqobat juda kuchli va Upamekanoning pozitsiyasida juda ko‘p talantlar yig‘ilgan, u Fransiya U21 bilan Yevropa chempionatidagi ishtirokini chorak finalda yakunladi, shu tufayli «Leypsig»ning sobiq futbolchisi myunxenliklar bazasiga mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun barchadan erta boraversa bo‘ladi.

Teo Ernandes, Fransiya

«Real»ga kerak bo‘lmay qolgan Teo Ernandes «Milan»da ochildi. Ushbu fransuz avvalgi mavsumda «Milan»ni yelkasida olib yurgandi, u yarimhimoyachilar va hujumchilardan ko‘ra ko‘proq gol urib, gollarga uzatma berdi (6+5). Yakunlangan mavsumda ham Ernandes yuqori samaradorlik ko‘rsatkichini saqlab qoldi (7+6), ammo terma jamoaga chaqiruv olmadi. Dide Desham Teodan ko‘ra uning «Bavariya»dagi akasi Leoni va «Everton»dan Lyuk Dinni chaqirishni afzal ko‘rdi.

Eduardo Kamavinga, Fransiya

«Renn»ning ushbu 18 yoshli yarimhimoyachisi uchun ikkinchi yildirki top-klublar tomonidan, ayniqsa «Real»dan jiddiy qiziqish saqlanib turibdi. O‘tgan yil sentyabrida Kamavinga Millatlar ligasi doirasida Xorvatiyaga qarshi kechgan o‘yinda (4:2) terma jamoa uchun ilk o‘yinini o‘tkazgandi. Bir oy o‘tib yosh fransuz Ukrainaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida (7:1) chalqancha holatda turib birinchi golini urdi. Martda Kamavinga yoshlar terma jamoasiga jalb qilindi. Hozir bahordagi ssenariy takrorlandi: «Renn» yetakchisi Fransiya U21 jamoasi uchun Yevropa chempionatiga jalb etildi, asosiy jamoa esa uning yordamidan foydalana olmaydi.

Saul Niges, Ispaniya

Saulning xalqaro maydonda omadi chopmagan. Uning Koke bilan tandemi terma jamoada Xavi va Andres Inest juftligini almashtirishi mumkin edi, ammo bu ikki futbolchi mamlakatning asosiy jamoasiga doim ham chaqirilavermaydi.  Bu safar Koke Yevro-2020ga yo‘l olmoqda, uning nisbatan yoshroq jamoadoshi «Atletiko» chempionligini nishonlashda davom etishi mumkin.

Jyeyms Meddison, Angliya

Meddisonning Angliya terma jamoasiga chaqiruv olmagani futbol vatani bo‘lgan mamlakat terma jamoasidagi raqobatdan darak beradi. U bilan bir pozitsiyada Chempionlar ligasi g‘olibi Meyson Maunt va «Aston Villa» yetakchisi Jyek Grilish o‘ynaydi. «Lester» havbeki ajoyib mavsum o‘tkazib, «gol+pas» tizimida 15 ochko jamg‘ardi. Meddisonga «Manchester Yunayted» qiziqish bildirmoqda, Garet Sautgeyt esa Angliya Kubogi sohibi o‘yinlarini e'tiborsiz qoldirdi.

Pedru Netu, Portugaliya

«Vulverhempton» muxlislari 21 yoshli vinger Pedru Netuni jamoaning yakunlangan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etishdi. Ushbu vunderkind 70 foizdan ortiqroq ovoz olgan. Terma jamoada ham Netuning muvaffaqiyatlariga e'tibor qaratishdi. U milliy jamoadagi debyutida gol ham urdi (Andorra ustidan 7:0 hisobidagi g‘alaba qozonilgan o‘rtoqlik uchrashiuv). Ammo tizzasidagi jarohat unga Yevro-2020ga borishga imkon bermadi.

Ansu Fati, Ispaniya

So‘nggi yillarda ispan futbolidagi kashfiyotlardan biri bo‘lgan Fati jarohatlar tufayli Yevro-2020ga bora olmaydi. «Barselona» vingeri yakunlangan mavsumda atigi o‘n o‘yinda ishtirok etib, 5 gol urdi va 4 golga uzatma berdi. Ispaniya chempionatining 9-turida «Betis»ga qarshi o‘yin (5:2) tanaffusida Ronald Kuman Fatini almashtirishga majbur bo‘ldi. Keyinroq yosh futbolchi tizzasidan jiddiy jarohatlangani va mavsumning qolgan qismida o‘ynay olmasligi ma'lum bo‘ldi.

Marko Roys, Germaniya

Dortmundning «Borussiya» klubi sardori Marko Roys o‘z vaqtida Menxengladbaxning «Borussiya» klubida birga o‘ynagan jamoadoshi ter Shtegendan o‘rnak olgan holda Yevropa chempionatiga bormaslik qarori haqida Instagram orqali ma'lum qildi. U toliqqani va asosiy e'tiborini tiklanishga qaratmoqchiligini aytib, turnirga borishdan o‘zi bosh tortdi.

«Qiyin va holdan toydiruvchi, shu bilan birga muvaffaqiyatli kechgan mavsumdan keyin Yoaxim Lyov bilan maslahatlashib, Yevropa chempionatiga bormasligim haqida qarorga keldik. Bunday qaror qabul qilish men uchun juda qiyin, chunki men hamisha terma jamoam uchun o‘ynashni istab kelganman. Ammo tig‘iz taqvimda kechgan mavsumdan keyin men tiklanish uchun dam olishga qaror qildim. Men yangi mavsumni yangi kuch bilan boshlash uchun tanaffusdan unumli foydalanmoqchiman. Yoggi va terma jamoamizga Yevropa chempionatida muvaffaqiyat tilayman. Men jamoamizga muxlislik qilaman».

Zlatan Ibrahimovich, Shvetsiya

Martda «Milan»ning 39 yoshli hujumchisi to‘rt yillik tanaffusdan keyin terma jamoaga qaytayotganini aytib shved muxlislarni xursand qilgandi. Ibrahimovich JCh-2022 saralashi doirasidagi ikki uchrashuvda ishtirok etdi. Forvard Gruziya(1:0) va Kosovo (3:0) termalariga qarshi o‘yinlarda bittadan golli uzatmaga mualliflik qilib, Shvetsiyaning g‘alabalariga hissa qo‘shdi. Faxriy futbolchi Yevro-2020ga ham bormoqchi edi, ammo A Seriyaning 35-turida «Yuventus»ga qarshi kechgan o‘yinda (3:0) jarohat olib, mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.

Va boshqalar

Germaniyada Yoaxim Lyovning chaqiruvini kutib toqati toq bo‘lgan Jyerom Boateng faoliyatini yakunlagan, Xorvatiyada Ivan Rakitich bilan ham shunday, Angliyadagi raqobat tufayli «Vest Hem»da kuchli mavsum o‘tkazganiga qaramay Jyessi Lingard chaqiruv olmadi, Mourino davrida «Tottenhem» asosiy tarkibidan tushib qolgan Dele Allida esa o‘yin amaliyoti yo‘qligi tufayli imkon yo‘q edi, «Byornli»da ajoyib mavsum o‘tkazgan va seyvlar soniga ko‘ra (77 foiz) APLda eng yaxshi darvozabon bo‘lgan Nik Poup esa tizzasidan jarohat olib, turnirdan qolib ketdi.

Shuningdek, jarohatlar tufayli Vengriya terma jamoasining asosiy yulduzi Dominik Soboslai («Leypsig») va fransiyalik himoyachi Ferlan Mendi («Real») turnirga bora olmaydi.

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top