12:09 / 04.06.2021
6948

Jahon bozorida uy-joy narxlari o‘rtacha 7,3 foizga qimmatlashgan

Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida uy-joy narxlari keskin oshgan. Bu boradagi eng katta o‘sish Turkiyada qayd etilib, 32 foizni tashkil qilgan.

Butun dunyo bo‘ylab uy-joy narxlari oshib bormoqda. 56ta mamlakatda Knight Frank tomonidan o‘rtacha narxlarni taqqoslash natijasida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning mart oyidan joriy yilning mart oyigacha uy-joy narxlari o‘rtacha 7,3 foizga qimmatlashgan.

Turkiya ketma-ket beshinchi chorakda narxlarning yillik o‘sishi reytingida yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda hisobotda ko‘rsatilgan davr mobaynida uy-joy narxlari 32 foizga oshgan. Turkiyadan tashqari birinchi o‘nlikdan asosan rivojlangan davlatlar, jumladan, Yangi Zelandiya (22,1 foiz), AQSh (13,2 foiz), Shvetsiya (13 foiz), Avstriya (12,3 foiz) va Norvegiya (10,9 foiz) o‘rin olgan.

Rossiyada bu ko‘rsatkich 11,1 foizni tashkil etgan.

Shu bilan bir qatorda, ba'zi bir yirik iqtisodiyotlar, xususan, Hindiston (-1,6 foiz) va Ispaniya (-1,8 foiz)da ko‘chmas mulk narxlari arzonlashgan.

O‘zbekistonda bu borada vaziyat qanday?

Iqtisodiy tahlilchi va mustaqil ekspert Igor Tsoy tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 2021 yil may oyida Toshkentdagi kvartira sektorida (ikkilamchi bozor) uy-joylarning o‘rtacha yetkazib berish narxi kvadrat metr uchun 717 dollarga yetgan (oylik o‘sish sur'ati 2,1 foiz). Bir yillik o‘sish esa dollarda hisoblaganda 9,3 foizdan iborat bo‘lgan. Bu raqamlar so‘mda ko‘rsatilganda, bir yillik o‘sish sur'ati 13,8 foizni tashkil etgan. Milliy valutadagi ko‘rsatkichlarning sezilarli darajada o‘sishini o‘tgan o‘n ikki oy davomida milliy valutaning dollarga nisbatan zaiflashishi bilan izohlash mumkin.

Top