12:54 / 05.06.2021
36099

Jahongir Ortiqxo‘jayev oxirgi 3 yilda Toshkent iqtisodiyoti ikki barobar o‘sganini aytdi. Aslida unday emas

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, oxirgi 3 yilda poytaxt iqtisodiyoti 23,6 foizga o‘sgan. Jahongir Ortiqxo‘jayev, shuningdek, yangi qurilgan metro bekatlari sonini deyarli ikki barobarga ko‘paytirib aytdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2 iyun kuni Amerikaning «Crow Holdings» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Poytaxt hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etilgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z so‘zida shahar iqtisodiyoti oxirgi 3 yilda ikki barobar yuksalganini ta'kidlagan.

Ammo hokim amerikalik ishbilarmonlarga bergan ma'lumot to‘g‘ri emas. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, Toshkent shahar yalpi hududiy mahsuloti joriy narxlarda 2018 yilda 58,3 trillion so‘mni (o‘sish 11,9 foiz), 2019 yilda 78,4 trillion so‘mni (o‘sish 8,8 foiz), 2020 yilda esa 88,6 trillion so‘mni (o‘sish 1,5 foiz) tashkil etgan. Bu joriy narxlarda.

Statistikada qo‘llaniladigan solishtirma o‘zgarmas narxlarni inobatga olganda, oxirgi 3 yilda poytaxt iqtisodiyoti haqiqatda 23,6 foizga o‘sgan (Statqo‘m formulasi: 111,9 * 108,8 * 101,5 / 10 000).

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati
Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Bundan tashqari, shahar hokimi oxirgi 3 yilda poytaxtda qurilgan metro bekatlari sonini qariyb 2 barobarga ko‘paytirib aytgan. U o‘z so‘zida 22 ta yerusti va 4 ta yerosti metro bekati qurilgani haqida gapirgan, aslida esa bu vaqt oralig‘ida 12 ta yerusti va 2 ta yerosti metro bekatlari qurildi.

Xususan, Yunusobod yo‘li uzaytirilib, «Yunusobod» va «Turkiston» yerosti bekatlari foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, shahar atrofi bo‘ylab xalqa yo‘li o‘tkazishning birinchi bosqichida 7 ta yerusti bekati (Qo‘yliq bozoridan «Do‘stlik-2» bekatigacha) va Sergeli tumanida 5 ta yerusti bekati qurib bitkazildi.

Ma'lumot uchun, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yilning aprelidan buyon Toshkent shahrini boshqarib kelmoqda.

Top