10:57 / 05.06.2021
7744

Yer uchastkalarini berish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish taklif etilmoqda

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Loyihaga asosan, o‘zgartirishlar quyidagilarga daxl qiladi:

  • Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga;
  • Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga.

Xususan, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasini auksionga qo‘yish uchun xulosasi talab qilinadigan tashkilotlar ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Ya'ni, O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi xulosasi. U xavfli gidrometeorologik hodisalar (qor ko‘chkilari, sel va suv toshqinlari xavfi mavjud) hududlariga tushmaganligi haqida xulosa beradi.

Tegishli vakolatli tashkilotlardan xulosalar tuman (shahar) hokimligi tomonidan "YERELEKTRON" AAT orqali meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi auksion orqali realizatsiya qilishga mo‘ljallangan bo‘sh yer uchastkalarining ro‘yxatini va qurilish bo‘limining ijobiy xulosasini yo‘llash vositasida talab qilib olinadi.

Shuningdek, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi aholi punktlaridan tashqarida joylashgan yer uchastkalari bo‘yicha – bo‘lajak qurilish uchastkasining yer qa'rida foydali qazilmalar yo‘qligi hamda tog‘ va tog‘oldi hududlarida xavfli geologik jarayonlar (ko‘chkilar, ko‘chishlar, cho‘kishlar, suffoziyalar va karstlar) xavfining yo‘qligi haqida xulosa berishi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, qo‘mita faqat bo‘lajak qurilish uchastkasining yer qa'rida foydali qazilmalar yo‘qligi haqida xulosa beradi.

Mazkur xulosalarni olish yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun berishda ham majburiy bo‘lishi rejalashtirilmoqda.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top