12:40 / 06.06.2021
26163

Qarshi aeroportida yo‘lovchilar bortda qolib ketishdi. Samolyotda issiq tufayli texnik nosozlik ro‘y bergani ma'lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi aeroportida turgan yo‘lovchilar issiqda samolyot ichida ushlab turilgani, salonda sovitish moslamalari yo‘qligi va ikki ayol hushini yo‘qotgani aytilgan video tarqaldi.

Telegramdagi «Nigoh» kanalining yozishicha, bu holat Rossiyaning Royal Flight aviakompaniyasi tomonidan «Moskva-Qarshi-Moskva» reysiga qo‘yilgan samolyotda ro‘y bergan.

«Ma'lum bo‘lishicha, parvoz Rossiyaning Royal Flight aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Yo‘lovchilar bortga chiqarilgandan so‘ng, samolyot dvigatellari ishlamay qolgan. Bunga ob-havo sharoiti, ya'ni havo haroratining 44 darajadan yuqori bo‘lishi sabab bo‘lgan», deyiladi xabarda.

Natijada, ushbu parvozni tungi vaqtda amalga oshirish qarori qabul qilinib, yo‘lovchilar bortni tark etishgan. Yo‘lovchilarning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar kelib tushmagan. Samolyot 6 iyun kuni soat 04:54 da Moskvaga uchgan (aslida jo‘nash 5 iyun kuni soat 15:30 ga rejalashtirilgan edi).

Holat yuzasidan Transport vazirligi matbuot xizmati rasmiy ma'lumot berdi. Qayd etilishicha, 5 iyun kuni Rossiyaning Royal Flight aviakompaniyasi Qarshi xalqaro aeroportidan ABG-2604 Qarshi—Domodedovo reysini amalga oshirishi lozim bo‘lgan. Shu kuni soat 13:32da Royal Flight’ning Boeing-767-300 rusumli samolyoti Qarshi xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan va aeroport tomonidan barcha texnik va servis xizmatlari ko‘rsatilgach, soat 16:10 da barcha yo‘lovchilar samolyotga chiqib bo‘lgan.

«Biroq respublikada kuzatilayotgan issiq tufayli samolyotning asosiy va qo‘shimcha dvigatellari qo‘shilmay qoldi. Samolyot kompyuteri parametrlarini qayta terish va bir necha bor dvigatellarni qo‘shishga qayta urinishlar ham issiqning haddan ziyod kuchayishi oqibatida samara bermadi. Asosiy va qo‘shimcha dvigatellarni ishga tushirish imkoni bo‘lmagach, tabiiyki, samolyotning konditsioner tizimi ham ishlamadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, xalqaro fuqaro aviatsiyasi qoidalariga ko‘ra, yo‘lovchilar samolyotga chiqarilib, havo kemasi eshiklari yopilgach, yo‘lovchilar xavfsizligi bo‘yicha barcha qarorlar samolyot ekipaji komandiri tomonidan qabul qilinadi. Ekipaj komandiri yo‘lovchilarni tushirish haqida qaror qabul qilgach, yo‘lovchilar samolyotdan zudlik bilan tushirildi. Qarshi xalqaro aeroporti tomonidan yo‘lovchilar uchun aerovokzalda barcha zarur sharoitlar yaratib berildi», deyiladi vazirlik xabarida.

Samolyot 6 iyun kuni soat 04:54 da belgilangan manzilga jo‘nab ketgan va 329 nafar yo‘lovchi Domodedovo aeroportiga sog‘-salomat eltib qo‘yilgan.

  • Ma'lumot uchun, Rossiyaning Royal Flight aviakompaniyasi 2021 yil aprelida O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olgandi. Bu aviakompaniya Andijon-Moskva yo‘nalishida ham parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.
Mavzuga oid
Top