12:05 / 08.06.2021
24566

Everestda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan alpinistga faxriy unvon va Trailblazer berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenkoni «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan mukofotladi.

Everest cho‘qqisiga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenko 8 iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Prezident matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Sergey Denisenko «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Prezident matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan suratlarda, shuningdek, sportchiga Trailblazer avtomobili ham sovg‘a qilinganini ko‘rish mumkin.

Sergey Denisenko 1 iyun kuni dunyodagi eng baland cho‘qqi – 8848 metr balandlikdagi Everest (Jomolungma) cho‘qqisiga ko‘tarilgan edi.

Himolay tog‘lariga ukrainalik jamoa bilan chiqqan Sergey Denisenko dunyodagi eng baland cho‘qqining zabt etilishini O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlagandi. U cho‘qqida O‘zbekiston bayrog‘i va prezident Shavkat Mirziyoyevning portreti bilan suratga tushgandi.

Denisenko tog‘ning Nepal davlati tomonidagi qismidan yo‘lga chiqib cho‘qqini zabt etgan ilk o‘zbekistonlik alpinist bo‘lgandi.

O‘zbekistonliklar Everestni ilk bor 1998 yilda zabt etishgan, 23 yil muqaddam Ilyas Tuxvatullin va Andrey Zaikin cho‘qqiga ko‘tarilgandi. 

Mavzuga oid
Top