09:41 / 10.06.2021
4809

“3 sotix yerdan 3 tonnagacha xo‘jag‘at terib olamiz”. Bog‘bon bilan suhbat

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani, Vodil qishlog‘i, Bo‘ston oraliq ko‘chasi 19-uyda xo‘jag‘at (malina) yetishtiriladi.

Bog‘bon Akmaljon G‘oyibnazarov xo‘jag‘at yetishtirishdan tashqari qushlarga ham qiziqadi. Xonadonda hozirda bulbul, sa'va, bedana kabi qushlar parvarish qilinmoqda. Bog‘bon tomorqasida asalari ham boqadi.

“Bizning dehqonchiligimiz asosan xo‘jag‘atdan. Kelajakda xo‘jag‘at yetishtirish ishini katta plantatsiya darajasiga olib chiqish niyatimiz bor. Hozirgi kunda asosan xo‘jag‘atdan daromad bo‘lyapti. Meva daromadi may oyidan boshlanadi. Kecha 1-hosil terildi, ertaga 2-hosil terib olamiz. Xo‘jag‘at asosan sovuq, namlik yuqori bo‘lgan hududlarda o‘sadi.Chunki namlik yuqori bo‘lmagan hududda suv kamroq bo‘ladi. Havo harorati yuqori bo‘ladi.

Xo‘jag‘at xuddi sholidek suvni ko‘p ichadi. Xo‘jag‘at bilan bobolarimiz shug‘ullanishgan. Biz endilikda otalarimizdan ushbu mevani yetishtirish sirlarini o‘rganyapmiz. Xo‘jag‘at navlarini yaxshilash, hosildorligini oshirish yo‘lida harakat qilyapmiz. 1-terimda har bir sotixdan 5-10 kggacha meva teramiz. 1-3 marta terilgandan keyin har sotixdan 20-25 kggacha meva teramiz. 

Havo harorati ortiqcha isib ketsa, xo‘jag‘at hosiliga ta'sir qiladi. Hosildorlik yuqori mavsum bu 2 mavsum hosil beradi. Ayniqsa, yozning may, iyun va iyul oylarida hosildorlik yuqori bo‘ladi. 2-hosilda 1-hosilga qaraganda kamroq meva beradi. Chunki 2-mavsumda havo harorati pasayib ketadi. 2 mavsumni hisobga olib aytadigan bo‘lsak, yiliga shu tomorqadan 3 tonnagacha hosil yig‘ib olamiz”, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Akmaljon G‘oyibnazarov.

Sarvar Ziyayev, 
Kun.uz muxbiri

Top