08:35 / 10.06.2021
21210

Foto: Dushanbe Shavkat Mirziyoyevni kutib olishga tayyorlanmoqda

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri aholisi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni kutib olishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Aziya-Plyus” xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, bugun aeroportdan Varzobgacha bo‘lgan poytaxt yo‘llari to‘sib qo‘yiladi.

Ertalab soat 9dan boshlab Ahmadiy Donish ko‘chasida (aeroportdan yo‘l), Ayniy ko‘chasi bilan kesishgan joyga qadar transport harakati cheklanadi. Rudakiy shohko‘chasi transport harakati uchun to‘liq yopiladi. Shuningdek, Varzobga olib boruvchi M34 avtomagistralida transport harakati cheklanadi, deb xabar bergan Dushanbe “GAI” boshqarmasi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 10-11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturida Dushanbe shahrida ikki tomonlama tadbirlar – rasmiy kutib olish marosimi, tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar, ijtimoiy obektlar ochilishi va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishiga bag‘ishlangan onlayn marosimlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari Tojikiston poytaxtida qo‘shma madaniy tadbirlarda ishtirok etadilar, So‘g‘d viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, qator sanoat obektlari bilan tanishadilar.

Tadbirlar yakunida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning muhim sohalarini qamrab olgan 30dan ziyod hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Top