20:38 / 11.06.2021
12396

Igor Sergeyevning transfer bahosidan arzonroq jamoa. Yaman – O‘zbekiston uchrashuvi prevyusi

O‘zbekiston milliy jamoasi 2022 yilgi jahon chempionati 3-saralash bosqichi 9-turida Yamanga qarshi saf tortadi. Saudiya Arabistoni bilan hal qiluvchi to‘qnashuv oldidan uning qo‘shnisi sanalmish Yaman milliy jamoasiga qarshi bahs Vadim Abramov jamoasi uchun muhim sinovga aylanishi mumkin.

So‘nggi 15 o‘yinda 1 g‘alabaga erishgan Yaman. Kim qanday holatda?

O‘zbekiston milliy jamoasi Saudiya Arabistonida markazlashgan holda tashkil etilgan saralash bosqichi bahslarini Singapur ustidan qozonilgan 5:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan davom ettirdi. Bungacha 1-davrada Falastin va Saudiya Arabistoni bilan bahslarda mag‘lubiyatga uchrab, ochko yo‘qotilgani sababli «oq bo‘rilar» JCh-2022 hal qiluvchi saralash bosqichiga matematikasiz yo‘l olishi uchun faqat Yaman emas, Saudiyani ham o‘z maydonida mag‘lub etishi shart. Yaman bilan bahsda Vadim Karlenovich diskvalifikatsiyani o‘tayotgan Oybek Bozorov va jarohat olib ortga qaytgan Hojimat Erkinov xizmatidan foydalana olmaydi.

Yana bir jihat, Singapurning O‘zbekiston bilan o‘yinda oddiy vaziyatlarda ham juda qo‘pol o‘yin namoyish etgani va qator o‘yinchilarimiz jarohat olganini inobatga olsak, murabbiylar shtabi Saudiya bilan muhim bahsdan oldin ularning qo‘shnisi – Yamanning ham bizga qarshi tajovuzkor harakat qilishiga tayyor bo‘lishlari shart.

Yaman milliy jamoasi o‘tgan turda Saudiya Arabistoniga yirik – 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, guruhda yaqqol autsayderga aylandi. Birinchi davrada Sami Al Nash murabbiyligi ostida, 2-davrada Ahmad Ali Qosim ustozligida to‘p surayotgan yamanliklar o‘tkazgan jami so‘nggi 15 o‘yinlarida faqat bir jamoa – Falastindan ustun kela olishgan (1:0), xolos.

Oxirgi 5 o‘yinda esa Yaman faqat o‘rtoqlik uchrashuvida Iroq bilan durang (0:0) o‘ynadi, qolgan raqiblarga (Singapur 1:2, BAA 0:3, Qatar 0:6, Saudiya 0:3), mag‘lubiyatga uchragan.

Igor Sergeyevning transfer bahosidan arzonroq raqib. Jamoalarning transfer bahosidagi farq

Transfermakrt portali O‘zbekiston va Yaman milliy jamoalarining transfer qiymatini keltirgan. Bu borada ham jamoalar o‘rtasidagi farq katta ekani yaqqol ko‘ringan.

Jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibining hozirgi umumiy qiymati 27,65 million yevroga baholangan. Eng qimmatbaho futbolchilarimiz ro‘yxatini Eldor Shomurodov boshqarmoqda. «Jyenoa» hujumchisining transfer bahosi – 7 million yevroni tashkil etadi. 2-o‘rinda Otabek Shukurov – 3 million yevro, 3-o‘rindan esa Jaloliddin Masharipov – 2,8 million yevro narx bilan joy olgan.

Yaman milliy jamoasi tarkibining umumiy qiymati esa – 1,45 million yevroni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, bu raqib jamoaning butun tarkibi umumiy transfer narxi milliy jamoamiz hujum chizig‘idagi birgina Igor Sergeyevning transfer bahosidan (1,5 million yevro) ham arzonroq.

O‘zaro o‘yinlar: O‘zbekiston – Yaman – 5:0

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida Yamanga qarshi o‘zaro 5ta o‘yinda maydonga tushgan. Bu borada ham mutlaq ustunlik vakillarimizda – 5 o‘yinda, 5 g‘alaba.

JCh-1998 saralashi. Sano

Yaman – O‘zbekiston – 0:1

Gol: No‘'mon Hasanov, 30.

JCh-1998 saralashi. Toshkent.

O‘zbekiston – Yaman – 5:1

Gollar: Shkvirin 5, 68, O.Shatskix 61, 80, Ravshan Bozorov 67.

JCh-2018 saralashi. Toshkent

O‘zbekiston – Yaman – 1:0

Gol: Aleksandr Geynrix, 50.

JCh-2018 saralashi. Doha

Yaman – O‘zbekiston - 1:3

Gollar: Aziz Haydarov 7, Server Jeparov 31, Stanislav Andreyev 50.

JCh-2022 saralashi. Toshkent.

O‘zbekiston – Yaman – 5:0

Gollar: Sanjar Qodirqulov 2, Eldor Shomurodov 33, Jamshid Iskanderov 52, Islom To‘xtaxo‘jayev 72, Igor Sergeyev 90.

O‘zbekiston va Yamanning so‘nggi o‘yinlardagi natijalari

Jamoalarning so‘nggi o‘yinlari ro‘yxatiga faqat FIFA tasnifidagi rasmiy o‘yinlar kiritilgan. Norasmiy o‘rtoqlik uchrashuvlari kiritilmagan.

O‘zbekiston milliy jamoasining so‘nggi 6 o‘yindagi natijasi:

JCh-2022 saralashi. 7 iyun, 2021. O‘zbekiston – Singapur – 5:0.

O‘rtoqlik o‘yini. 29 mart. O‘zbekiston – Iroq – 0:1

O‘rtoqlik o‘yini. 15 fevral. O‘zbekiston – Iordaniya – 2:0

JCh-2022 saralashi. 19 noyabr, 2019. O‘zbekiston – Falastin – 2:0

JCh-2022 saralashi. 14 noyabr, 2019. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 2:3

JCh-2022 saralashi. 15 oktabr, 2019. Singapur – O‘zbekiston – 1:3.

Yaman milliy jamoasining so‘nggi 5 o‘yindagi natijasi:

JCh-2022 saralashi. 7 iyun. Saudiya Arabistoni – Yaman – 3:0

Ko‘rfaz kubogi-2019. 2 dekabr. Yaman – Iroq – 0:0

Ko‘rfaz kubogi-2019. 11 noyabr. Yaman – Qatar – 0:6

Ko‘rfaz kubogi-2019. 26 noyabr. BAA – Yaman – 3:0

JCh-2022 saralashi. 19 noyabr, 2019. Yaman – Singapur – 1:2.

Anons.

JCh-2022 saralashi. 11 iyun (juma)

YaMAN – O‘ZBeKISTON

Bosh hakam: Muhammad Abdulla (BAA)

Uchrashuv boshlanish vaqti: 23:00

TV-translatsiya: FutbolTV / SportTV.

Saudiya, Ar-Riyod. «Qirol Fahd» stadioni.

Top