16:34 / 11.06.2021
22488

«Shunaqa bir o‘yin»...

(Men ko‘rgan Yevropa chempionatlariga bag‘ishlanadi)

Kechagidek esimda…

Yevropa chempioni bo‘lgan Portugaliya butun turnir davomida faqat bir marta asosiy vaqtda kimnidir yutdi. Yarim finalda Uelsni. Krishtianu va Beyl qarama-qarshiligi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgandi. Ammo o‘sha o‘yinni ko‘ra olmaganman, afsuski.

Yo‘q, afsuski emas, o‘sha kuni kichik qizim tug‘ilgan. Ramazonning oxirgi kuni edi, tug‘ruqxona hovlisida «og‘zimni ochib», yarim tungacha kutib o‘tirganman. Portugallarning finalga chiqqanini ertasiga eshitgandim.

… Men yoshligimdan beri muxlislik qiladigan italiyaliklar Niderlandiyaga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchraganini og‘ir qabul qildim. Nega, degan savol miyamda charxpalakdek aylanaverardi. O‘tirib yozdim, savollarga javob qidirib ko‘rdim. Aslida nima uchun yozganimni, buni kimdir o‘qishi mumkinmi yoki yo‘qmi bilmasdim ham. Nihoyat kerakli saytni topib, maqolamni muxlislarga havola qildim. Shu shu chempionatning har bir o‘yinini nazardan qochirmasdan, fikrlarimni qoralab borishga harakat qildim. O‘shanda uff.uz saytida izohlar yozilardi, mualliflar yozgan maqolalari haqida muxlislarning fikrlarini o‘qishlari yangilik va juda qiziq edi. O‘sha Italiya haqidagi ilk maqolam e'lon qilingan kuni, men ham intizorlik bilan ilk izohni kutganman. «It ham, bit ham maqola yozadigan bo‘lib ketdi...». Mana shu izohni.

Shuningdek, Bobur Akmalov, Olimxo‘ja Bo‘ronov, Xayrulla Hamidovlarning shu turnir haqidagi yozganlarini o‘qib borardim. Xullas ma'lum yo‘nalishda o‘ziga xos poydevor hosil bo‘ldi. Bilmadim, harakatlar bo‘lganmidi yoki aynan Yevropa chempionati sababmi, yangi futbol gazetasini tashkil qilish g‘oyasi paydo bo‘lgandi. Bunga erishildi ham...

Kechagidek esimda... Menimcha, o‘sha birinchi o‘yindan keyin bo‘lsa kerak, birga ishlaydigan bir hamkasbim greklarga yuqori baho berdi. Rosti, menga o‘sha natija tasodif tuyulgandi, u Gretsiya hatto finalgacha borishi mumkinligini taxmin qilganida rosa kulgandim. O‘zi Chempionlar Ligasidagi «Portu»ning g‘alabasi o‘sha mavsum uchun yetarli edi. Biz bir necha futbolga qiziqadigan hamkasblar Yevropa chempionatini alohida qiziqish bilan ko‘rdik. Birgalikda qaysidir nashrning maxsus sonini sotib oldik. Kuniga ikkita o‘yin bo‘lardi. Har kuni ishimiz bir kun oldingi o‘yinlarning muhokamasi bilan boshlanib, uyga ketayotganda bo‘lajak o‘yinga o‘z bashoratlarimizni berardik…

…Kursdoshlarim bilan O‘zbekiston kubogi finalini ko‘rishga «Paxtakor» stadioniga bordik. «Samarqand» va «Do‘stlik» o‘ynagan. O‘yin juda qiziq kechgan, himoyada bexato harakat qilgan «Do‘stlik» 4:1 hisobida yenggandi. Talabalar yotoqxonasida turardik. O‘sha kuni kechqurun Italiya va Niderlandiya o‘rtasidagi yarim finalni ko‘rdik. Katta zalda kichkina televizor. Hamma qiziqib ko‘radigan «Dallas» bir oyga yaqin davr mobaynida unutilgandi. O‘yinmisan o‘yin bo‘lgan, o‘ziyam. Mendan tashqari yana ikki bola Italiyaga muxlislik qildi. Qolganlar Niderlandiyaga. Kubok finaliga men bilan birga borgan samarqandlik ko‘rsdoshim esa, Klyuvertning fanati edi. Bosvelt penaltini ura olmaganda, shartta turib, televizorni o‘chirib qo‘ygandi bechora. Atrofdagilarning kayfiyati menga ham ta'sir qilgan, tuzukroq bayram qila olmagandim o‘shanda. Boyagi ikki bola bilan ham tanish emasdim, hech qachon gaplashmagandim. Shu bahona tanishib olmagan bo‘lsak-da, keyingi ikki yil davomida ro‘para kelib qolganda, bosh irg‘ab so‘rashib qo‘yardik. Shunchaki...       

…«Shu sizlarga zarilmi?» derdi ba'zi sinfdoshlarim kechki futbolni qayerda ko‘rish haqida rejalar yoki xavotirlarni yuzimizdagi aksini ko‘rib. Litseyimiz haftada besh kuni yotib o‘qishga mo‘ljallangan. Tartib qattiq, televizor ham kuniga bir soatga qo‘yiladi. Umumiy xonada. Kechqurun tarbiyachilar xonani qulflab, televizor antennasini olib kirib ketishadi. Aksiga olib, ularning ichida futbolga qiziqadigani yo‘q. Tabiiyki, o‘yinlarning muhimligini tushuntira olmaysiz. Har kuni qaysi o‘yin bo‘lishini yoddan bilardik, ammo o‘yinni ko‘rish nasib qiladimi yoki yo‘qmi, bilmasdik. Taqvim chiqqandayoq, qaysi o‘yinlar shanba-yakshanba kunlariga to‘g‘ri kelishini belgilab ham chiqqandim. Hamma uxlagach, boyagi televizor bor xonaga bildirmay kirib olardik. Bitta derazaning oynasi chiqarib qo‘yilgandi, ketayotib, oynani joyiga yengilgina suyab qo‘yardik. Bu to‘siqlardan o‘tgach, qo‘lga kiritadigan mukofotimiz ham katta emasdi. Kimdir uyidan yashirib olib kelgan «domashniy» antennani ulaymiz, tasvir juda xira, ovozni ham balandlatib bo‘lmaydi, uyg‘onib qolishlari mumkin. Shunaqa. Lekin xayolimizga bu bizga zarilmi, degan fikr hech kelmagan ekan o‘shanda…

…Bitta qalin daftar tutgandim. Aslida ma'lumotlar hozirgidek emas. «Sovetskiy sport», «Futbol Xokkey» kabi gazetalarning arxivi ko‘p edi uyda. O‘sha nashrlardan Shvetsiyaga kelgan sakkiz jamoa haqida batafsil ma'lumot yig‘ishga harakat qildim. Chempionat boshlangandan keyin ham yozib bordim. Futbolchilar haqida ham o‘zimcha «maqolalar» yozar, atrofini turli gazetalardan qirqilgan rasmlar bilan bezaganman keyin. Qizig‘i, ba'zi o‘yinlarda jamoalar tarkibi haqidagi ma'lumotlar chiqmay qolardi. O‘zimcha, taxminan tarkiblarni to‘ldirib yuboraverardim. Baribir hech kim o‘qimaydi-ku, kim bilib o‘tiribdi, derdim o‘zimga o‘zim. Rostdan ham, daftarni hech kimga hatto dadamga ham ko‘rsatmaganman. Bir kuni «Ishdagi ishq» filmi berilayotgandi. Qahramon ayol Lyudmila Prokofevnaning «Statistikada taxminlar bo‘lmaydi» degan gapini eshitib qoldim. Bu gap shunchalik ta'sir qildiki, xuddi «Abdullajon» filmi qahramoni uch sumliklarni qozonda yoqqandek, to‘qima tarkiblarni o‘chirib chiqqandim. Hammasini….        

Kechagidek esimda...

«Rekord 345» degan televizorimiz bo‘lardi. O‘shani hovliga olib chiqishdi. Bunday tayyorgarliklar har doim ham bo‘lavermasdi. Qandaydir s'yezd bo‘lsa yoki «1 may» paradidan reportaj berilayotganda mana shunaqa bayramona tus bo‘lardi. Nimadir bor. Futbol qachon, necha daqiqa qoldi, degan gap-so‘zlarni eshitavergach, shu futbolni albatta ko‘raman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Biznikilar finalda o‘ynashayotgan ekan. Lekin bolalik, biroz ko‘rib zerikdim. Ko‘chada o‘ynayotgan o‘rtoqlarimga qiziqib, tashqariga chiqib ketdim. Qaytib kelganimda hech kimning kayfiyati joyida emasdi. Oddiygina o‘yin ekran ortidan millionlarni xafa qilishi yoki baxt ulashishi mumkinligini o‘sha vaqtlarda tushunmasdim…

…Birdan uyg‘onib ketdim. Qachon uxlaganim, nega o‘z joyimda bo‘lib qolganim esimda yo‘q. Axir men bugun so‘rida yotmoqchi edim-ku? Kimdir ko‘tarib, olib kelibdi. Dadam bo‘lsa kerak. Asta turib, yorug‘lik kelayotgan xonaga chiqdim. Qorong‘i tunda, ukamning uyg‘onib ketishidan qo‘rqib televizorning ovozini faqat o‘zi eshitadigan darajada pastlab olgan dadamni ko‘rdim. Nimadir bo‘lyapti. Yam-yashil maydon. Pahmoq jingalak sochli, ko‘k futbolka kiyib olgan yigitni sheriklari olqishlamoqdalar. Nima bu?

- Nima ko‘ryapsiz, dada? – deb so‘rayman uyqusirab

-Futbol,o‘g‘lim.

- Nima u?

- O‘yin. Shunaqa bir o‘yin.

Kechagidek esimda...

Qahramon Aslanov

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top