08:02 / 12.06.2021
34121

13ta bankka nisbatan sanksiya qo‘llanildi – Markaziy bank

O‘zbekistondagi 13ta tijorat banklari tomonidan iste'molchilarning huquqlarini himoya qilishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan tijorat banklari va ularning joylardagi muassasalari to‘lov terminallari bilan ta'minlangani, to‘lovlar qabul qilinishi va bank kartalaridan naqd pul mablag‘lari berilishi hamda terminal orqali to‘lovlarni amalga oshirish yoki pul mablag‘ini naqdlashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilganda bank karta egasiga “PIN-kod”ini mustaqil terishga imkon yaratib berilgani bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilishi davom ettirilmoqda.

Xususan, tijorat banklarining Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida faoliyat yuritayotgan muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur hududlarda ayrim bank muassasalarida mijozlarga bank kartalari orqali xizmat ko‘rsatilishida qoidabuzarlik holatlari aniqlandi va bunga yo‘l qo‘ygan tijorat banklariga nisbatan (“Xalq banki”, “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Ipak yo‘li banki”, “Ipoteka-bank”, “Qishloq qurilish bank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Savdogarbank”, “Infinbank”, “Hamkorbank”, “Milliy bank”, “Aloqabank” va “Turonbank”) belgilangan tartibda sanksiyalar qo‘llanildi.

“Agar tijorat banklari bo‘linmalari tomonidan terminallar orqali bank xizmatlari ko‘rsatilishi rad etilsa, u holda ushbu holat yuzasidan Markaziy bankning Bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 212-60-15, (71) 212-73-80, (71) 212-60-94 telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkinligini bildiramiz”, deyiladi MB ma'lumotida.

Top