19:15 / 12.06.2021
40579

«Janob prezident, siz qotilmisiz?» - NBC Putin bilan intervyudan parchani havola qildi

Amerikalik jurnalistga intervyu bergan Vladimir Putin AQShning avvalgi va hozirgi prezidentlarini solishtirdi. Shuningdek, «siz qotilmisiz» degan savolga javoban, bunday ayblovlar uni hayron qoldirmasligini aytdi.

Foto: Nbc News

Oxirgi yillarda AQSh va Rossiya munosabatlari eng quyi nuqtada turibdi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida. Telekanal ushbu intervyudan parchani e'lon qildi.

Jurnalistning iltimosiga binoan Putin Amerikaning avvalgi va hozirgi prezidentlarini solishtirdi va "siz qotilmisiz" degan savolga javob berishdan qochdi.

Bir necha oy avval AQSh prezident Jo Bayden ABC'ga bergan intervyusida jurnalistning «Vladimir Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» degan savoliga biroz o‘ylanib turib "Ha", deb javob qaytargandi. Kremldagilar Amerika prezidentining bu so‘zlarini «juda yomon» deb atadi va AQShdagi elchisini chaqirtirib oldi. So‘ngra Rossiya TIV AQSh elchisi Jon Sallivanga Vashingtonga ketishni tavsiya qildi.

«Faoliyatim davomida har tarafdan va turli yo‘nalishlarda har xil bahona, sabab, turli kalibr va og‘irlikdagi hujumlarga ko‘nikib qolganman va bu meni hayron qoldirmaydi», – deya javob qaytardi Putin NBC'ga bergan intervyusida. U qattiq gapirish Amerika madaniyatining bir qismi ekanini qo‘shimcha qildi.

Putin Trampni «yorqin shaxs», Baydenni esa «siyosatchi» deb ta'rifladi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Bayden avvalgi prezidentdan butunlay farq qiladi.

«U mutlaqo boshqa odam, uning ustunlik va kamchiliklari ham mana shunda, ammo amaldagi prezident o‘ylanmagan harakatlarni amalga oshirmaydi, deb umid qilaman», – dedi Putin.

NBC 90 daqiqalik to‘liq intervyuni 14 iyun kuni namoyish etishni rejalashtirgan.

Putin va Bayden uchrashuvi 16 iyun kuni Jyenevada bo‘lib o‘tadi.

Top